Avtomobillarni roʻyxatdan oʻtkazish 68 baravarga oshdimi?

Telegram kanallarida O‘zbekistonda 1-apreldan avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lovlar 68 baravarga, ya’ni 34 000 so‘mdan 2 320 000 so‘mgacha, elektromobillar uchun esa 15 baravarga oshganligi mazmunidagi xabarlar tarqalmoqda.

Factchecknet.uz ushbu xabarlar qanchalik asosli ekanligini tekshirdi.

HUKM: ROST

IIV Jamoat xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati 30-mart kuni “Elektromobil haydash endi yanada foydali bo‘ladi” sarlavhasi ostida roʻyxatdan oʻtkazish stavkalarning o‘zgarishi haqida xabar bergandi.

O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning 31-martdagi buyrug‘i bilan avtomototransport vositalari va ularning tirkamalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lov stavkalari oshirilishi tasdiqlagan.

2023-yilning mart oyi oxirigacha barcha avtomobillar va tirkamalarni ro‘yxatdan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizini — 34 ming so‘mni  tashkil qilgan. 

Yangi qarorga koʻra, 2024-yil 1-apreldan boshlab yangi toʻlov stavkasi ishga tushgan. 

Jamoat xavfsizligi boshqarmasi bergan maʼlumotga koʻra, 2024-yil 1-apreldan boshlab avtomototransport vositalari va ularning tirkamalarini roʻyxatdan oʻtkazish va qayta roʻyxatdan oʻtkazishda undiriladigan toʻlov stavkalari elektromobillar, mototransport vositalari va avtotransport vositalari tirkamalarini roʻyxatdan oʻtkazish va qayta roʻyxatdan oʻtkazish uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida toʻlov belgilangan.

“Elektromobillar, mototransport vositalari va avtotransport vositalari tirkamalaridan boshqa barcha avtotransport vositalarini roʻyxatdan oʻtkazish va qayta roʻyxatdan oʻtkazish uchun esa — bazaviy hisoblash miqdorining 6,84 baravari miqdorida toʻlov belgilanadi”, — deyiladi xabarda.

2024-yil 1-apreldan elektromobillar, mototransport vositalari va tirkamalarni ro‘yxatdan  o‘tkazish uchun to‘lovlarning stavkasi 15 baravarga — 1,5 BHMgacha yoki 510 ming so‘mgacha oshirildi. Qolgan barcha avtomobillar bo‘yicha stavka 68,4 baravarga oshib, 6,84 BHM yoki 2,32 mln so‘mni tashkil qilgan.

Ichki ishlar vazirligi va Yo‘l harakati xavfsizligi inspeksiyasi avtomashinalarni ro‘yxatga olish stavkalari oshishi sabablarini  izohlamagan.

2024-yil 1-aprelgan kuchgan kirgan qarorga 2024-yil 3-mayda oʻzgartirishlar kiritilib, avtomobillarni qayta roʻyxatdan oʻtkazish uchun yangi toʻlov stavkasi belgilandi. 

O‘zgartirishlarga muvofiq, avtomototransport vositalari, elektromobillar, avtomototransport vositalari va tirkamalarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish stavkasi endilikda BHMning 10 foizi (34 ming so‘m)ni tashkil etadi. Shu bilan birga, ro‘yxatga olish to‘lovi (oddiy avtomobillar uchun 6,84 BHM va elektromobillar uchun 1,5 BHM) o‘zgarmadi.

Eslatib o‘tamiz, oʻtgan 2023-yil mobaynida Oʻzbekistonda 1 mln 690 ming dona avtomobil oldi-sotdisi qayd etilgan. 2023-yildagi eng yuqori koʻrsatkich may va oktyabr oylarida bo‘lgani, sotuvlar 156-186 mingta mashinadan oshganligini koʻrish mumkin.