Instagram ijtimoiy tarmog‘ida o‘zbekistonlik ayollar orasida surrogat onalik holatlari ko‘payib borayotgani, shu bilan birga bu masala bo‘yicha milliy qonunchilikda aniq tartib va normalar mavjud emasligi haqida videomurojaat tarqaldi. Unda surrogat ona va bola huquq hamda manfaatlarini himoya qilish uchun alohida huquqiy mexanizmlarni ishlab chiqish zarurligi ta’kidlangan.
Qonunchiligimizda surrogat onalik tushunchasiga ta’rif berilmagan. Shu sababli surrogat onalik tushunchasini izohlash uchun fanning boshqa yo‘nalishlariga murojaat qilamiz. Surrogat onalik – yordamchi reproduktiv texnologiyalar sirasiga kirib, bunda homiladorlik va farzand dunyoga kelishida uch kishi ishtirok etadi:
Genetik (biologik) ota – urug‘lantirish uchun o‘z urug‘ hujayrasini bergan va farzand tug‘ilganidan so‘ng otalik majburiyatini olishga rozi bo‘lgan shaxs;
Genetik (biologik) ona – urug‘lantirish uchun o‘z tuxum hujayrasini bergan va farzand tug‘ilganidan so‘ng onalik majburiyatini zimmasiga olishga rozi bo‘lgan shaxs;
Surrogat ona – genetik ota-onaning urug‘idan hosil bo‘lgan farzandni tanasida katta qilib, dunyoga keltirish majburiyatini bajaradigan ayol.
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 207-moddasida bunday holatda tug‘ilgan bolaga nisbatan ota-onalikni belgilash tartibi nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, agar nikohdagi er-xotin embrionni boshqa ayolga ko‘chirishga yozma rozilik bergan bo‘lsa, bolaning ota-onasi sifatida ularni qayd etish faqat bolani tuqqan ayolning roziligi bilangina mumkin. Agar u bunga rozi bo‘lmasa, ota-ona haqidagi ma’lumotlar uning ko‘rsatmasiga asosan tug‘ilish qaydnomalariga kiritiladi.
Genetik ota-onalar – surrogat ona yordamida tug‘ilgan bolani qabul qilib oladigan qonuniy er-xotin hisoblanadi. Surrogat onalik pulli yoki bepul asosda amalga oshirilishi mumkin. Biroq bu jarayonni batafsil tartibga soladigan maxsus huquqiy normalar hozircha to‘liq shakllanmagan. 2019-yilda O’zbekiston parlamentida surrogat onalikni qonunlashtirish masalasi ko’tarilgan edi, biroq tegishli normalar «Fuqarolarning reproduktiv salomatligini muhofaza qilish to’g’risida»gi qonun loyihasidan «muddatidan oldin» degan asosda chiqarib tashlangan va bahs natijasiz yakunlangan. Shu sababli amaliyotda surrogat ona, genetik ota-ona va tibbiyot muassasasi o‘rtasida o‘zaro kelishuv asosida uch tomonlama shartnoma tuziladi.

Xalqaro tajribaga ko‘ra, surrogat onalik davlatlarda turlicha tartibga solingan. Masalan, AQShning aksariyat shtatlarida, Ukraina va Gruziyada surrogat onalik to‘liq qonuniy va genetik ota-onaning huquqlari himoyalangan. Boshqa davlatlarda, masalan, Buyuk Britaniya, Kanada va Avstraliyada faqat bepul ya’ni tijoriy bo‘lmagan surrogatlikka ruxsat beriladi. Germaniya, Fransiya, Italiya va Turkiyada surrogat onalik taqiqlangan. Italiya 2024-yildan boshlab bu taqiqni o’z fuqarolari chet elda surrogat onalik xizmatidan foydalanganda ham qo’llay boshladi.. Tajribalar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonda ham milliy qonunchilikni mustahkamlash ona va bola manfaatlarini himoya qilishda muhimdir.
Yuqorida taʼkidlanganidek, surrogat onalik boʻyicha qonunchilikda mustahkam tartib mavjud emas. Bu holat surrogat ona va bolaning kelajagi uchun xavf solish ehtimoli yuqori. Masalan, odam va uning ichki aʼzolarini sotish savdosi, ayol-qizlarga bosim kabi ogʻir jinoyatlarga yoʻl ochishi mumkin. Chunki ijtimoiy tarmoqlarda surrogat onalik uchun vaʼda qilingan maoshlar va yashash sharoitlari bir-biridan yuqori va yaxshi ekanligini koʻrish mumkin (1,2,3).
Jurnalistik surishtiruvlarga ko’ra, Gruziyadagi klinikalarga murojaat qilayotgan o’zbekistonlik ayollar soni sezilarli darajada ko’paymoqda; ularning aksariyati bir necha farzandini yolg’iz katta qilayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar ekani qayd etilgan. Ismini oshkor qilmagan suhbatdoshlarning so’zlariga ko’ra, bir farzandni tug’ib berish evaziga ular 13 mingdan 25–30 ming AQSH dollarigacha pul olishlari mumkin.
Qirg‘izistonda xorijiy fuqarolarning surrogat onalik xizmatidan foydalanishini cheklash bo‘yicha qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Loyiha mualliflari bu orqali ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish, surrogat onalikning tijoriy tus olishi va ekspluatatsiyaga aylanishining oldini olishni maqsad qilgan. Bu tajriba O‘zbekistonda ham surrogat onalikni aniq qonuniy tartibga solish zarurligini ko‘rsatadi. Xususan, xorijiy fuqarolarning bu xizmatdan foydalanishi, shartnoma shartlari, tomonlarning huquq va majburiyatlari hamda bolaning huquqiy maqomi qonunda aniq belgilanishi kerak.
Surrogat onalik mavzusiga eʼtibor faqat qonuniy manfaatlarni koʻzlab ish yuritish emas, balki bu jarayonda ishtirok etadigan har bir shaxsning taqdiriga toʻgʻri yechim topishdir.