Ayron bilan ozish mumkinligi rostmi?

Vesti.uz’da ayron tez ozishga yordam beradi degan bayonot tarqaldi. Nashrda aytilishicha, agar kechki ovqatni ushbu ichimlik bilan almashtirilsa, vazn kamayishni boshlaydi. Hatto 200 ml ayron organizmni vitaminlar, minerallar bilan ta’minlab, ovqat hazm qilishni yaxshilashi va to‘liq ovqatlanish bilan bellasha olishi aytilgan. Shuningdek, ketma-ket uch kun davomida kuniga ikki litrgacha ayron ichib, yengil ovqatlanish (razgruzka) kunlari qilish tavsiya etilgan. Mualliflarning fikricha, bu «metabolizmni tezlashtiradi» va vazn yo‘qotishga yordam beradi.

Factchecknet.uz ushbu bayonotni o‘rganib chiqdi. 

HUKM: YOLG‘ON

Ayron haqiqatan ham ratsionning bir qismi bo‘lishi mumkin, ammo keltirilgan da’volar juda bo‘rttirilgan. Bu ichimlik qatiq, suv va tuz aralashmasidan iborat.

O‘rtacha 100 ml da taxminan 30-45 kaloriya va qariyb 2 g oqsil mavjud. U haqiqatan ham boshqa fermentlangan sut mahsulotlari kabi kalsiy va kaliyni o‘z ichiga oladi, ammo ularning miqdori butun yogurt yoki kefirdagiga qaraganda kamroq.

Ayronning jiddiy kamchiligi uning yuqori sho‘rligidir: ba’zi ishlab chiqaruvchilarda ichimlikning bir litrida 3 grammgacha natriy mavjud bo‘lib, bu Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tavsiya etilgan kunlik me’yordan allaqachon oshib ketgan. Agar kuniga ikki litrgacha ichilsa, xavfsiz chegaradan osonlik bilan chiqib ketish mumkin.

Bir stakan ayron biroz to‘yintirishi va ko‘proq kaloriyali mahsulotni almashtirishi mumkin, bu esa ratsionning umumiy kaloriyasini pasayishiga olib keladi. Ammo bu aynan ayronning o‘ziga xos xususiyati emas – vazn yo‘qotish har doim kaloriya tanqisligi bilan bog‘liq. Ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, oqsil miqdori yuqori bo‘lgan yogurtlar haqiqatan ham yog‘li gazaklarga qaraganda ochlikni yaxshiroq qondiradi, ammo oqsil bo‘yicha ayron xuddi shu yunon yogurtlariga qaraganda kuchsizroq, shuning uchun uning to‘yimliligi ancha past.

«Yengil ovqatlanish kunlari «ga kelsak, bunda foydadan ko‘ra xavf ko‘proq. Ilmiy sharhlar shuni ko‘rsatadiki, oraliq ochlik va vaqtinchalik ovqatlanish cheklovlari odatdagi tizimli kaloriya pasayishidan yaxshiroq natija bermaydi. Ayron metabolizmni tezlashtiradi degan fikr esa tadqiqot ma’lumotlariga zid: energiya tanqisligida organizm, aksincha, kaloriya sarfini sekinlashtiradi. Bundan tashqari, bir necha kun davomida faqat bitta ichimlik bilan ovqatlanish oqsil, kletchatka va vitaminlar yetishmovchiligiga olib kelishi mumkin.

Ovqat hazm qilishga bo‘lgan ta’sirini alohida ta’kidlash lozim. Ayron achitilgan mahsulot bo‘lib, uning tarkibida tirik sut kislotali bakteriyalar mavjud bo‘lishi mumkin. Ular ichak mikrobiotasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, laktozani hazm qilish qobiliyatini yaxshilaydi. Biroq, barcha ishlab chiqaruvchilar ham bu bakteriyalarni saqlab qolmaydi – mahsulotning bir qismi issiqlik bilan ishlov beriladi, natijada ichimlikdagi foydali bakteriyalar yo‘qoladi.

Shunday qilib, ayron, ayniqsa shirin ichimliklar yoki yuqori kaloriyali souslar o‘rniga ishlatilganda, kundalik ovqatlanishga foydali qo‘shimcha bo‘lishi mumkin. Biroq, uning to‘liq kechki ovqatni almashtira olishi, moddalar almashinuvini tezlashtirishi va tanani barcha zarur ozuqa moddalari bilan ta’minlashi haqidagi da’volar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu oddiy fermentlangan sut mahsuloti bo‘lib, oqilona iste’mol qilinganda sog‘lom ovqatlanishni qo‘llab-quvvatlashi mumkin, ammo u «sehrli» parhez hisoblanmaydi.