Qadimda baland bo‘yli “gigant” odamlar yashagani haqida turli afsona va rivoyatlar mavjud. Bu afsonalarning barchasi odamlarning moddiy-maishiy tarixi va tafakkuri o‘rtasidagi dialektik aloqalar zamirida yuzaga kelgan.
Mart oyining so‘nggi kunlarida ijtimoiy tarmoqlarda Ekvador qishloqlaridan birida 7 metr balandlikdagi bahaybat odamning suyaklari topilgani haqida maʼlumot tarqaldi.
Haqiqatdan ham shundaymi? Faktlarni tekshirishni boshlaymiz.
Tarmoq foydalanuvchisi Leah Fox (https://www.facebook.com/leah.fox.31105) katta suyaklarning inson skeletiga o‘xshash tarzda joylashtirilgan fotosuratlarini chop etdi. Rasmlar tavsifida, bu Ekvadorning Changaymina qishlog‘ida topilgan balandligi 7 metr bo‘lgan gigantning suyaklari ekanligi yozilgan.

“Ekvadorning Changaymina nomli kichik qishlog‘ida balandligi 7 metr bo‘lgan GIGANTning qoldiqlari topildi. Topilma 1912 yilda tug‘ilgan mahalliy ruhoniy tomonidan topilgan. Ruhoniy 1999 yilda vafot etguniga qadar skelet qoldiqlarini o‘nda saqlangan», deb yozilgan fotosurat tavsifida.
HUKM: FEYK
Maʼlumotlarga ko‘ra, bu suyaklar odamlarga tegishli emas, balki ulkan “yalqov”ning toshga aylangan qoldiqlaridir. Bo‘yi 13 fut (396 sm) ga yetishi mumkin bo‘lgan bu hayvonlar taxminan 4 ming yil oldin nobud bo‘lgan.

Suratlardagi skelet Ekvadorning Santa Elena provinsiyasidagi Museo Paleontológico Megaterio muzeyida saqlanadi va muzey saytida fotosuratlarni ham ko‘rish mumkin.

Gigant yer yalqovlari Amerika qitʼasida muzlik davrida yashagan yirik, o‘rmon hayvonlari bo‘lib, ular zamonaviy yalqovlar bilan bevosita bog‘liq. Ushbu jonivorlar, shuningdek, chumolixo‘rlar va armadillolar bilan uzoq qarindosh hisoblanadi.

Xulosa o‘rnida, bu kabi maʼlumotlarga faqat ilmiy manbalar yoki mutaxassislar orqali tasdiqlangandan so‘nggina ishonish va tarqatishni tavsiya etiladi.