Qahva ichgan ayol homilador bo’la olmaydi(mi?)

Qahvaning foydali va zararli jihatlari haqida materiallar juda ko’p. Shu qatorda u kasalliklarga sabab bo’ladimi va ayollar homilador bo’lishiga ta’sir ko’rsatadimi yo’qmi bu ham ko’p muhokamalarga sabab bo’lib kelgan va bu haqida quyidagicha miflar bor.

Afsuski odamlar bu kabi xabarlarga ishonib, homiladorlik paytida keliniga, qiziga, dugonasi va boshqa yaqinlariga qahvaning har qanday turini ichishni taqiqlashga urinishadi. Bu qanchalik to’g’ri? Rostan kofelar homila tushishi va o’lik tug’ilishiga sabab bo’ladimi? Buni bilish maqsadida rasmiy manbalarni o’rganib chiqdik. Ushbu mavzuda yakuniy dalil yo’qligini, ammo bir qancha tadqiqotlar mavjudligini ko’rdik. 

Masalan, «National Library of Medicine» nashri 2003-yilda Daniyada kuniga 8 va undan ko’p finjon qahva ichadigan ayollarda homiladorlikning ikkinchi yarmida bola nobut bo’lish holatlari aniqlaganini keltiradi. Bu 20 yil oldingi ma’lumot. 
2022 yilda esa Avstraliyadagi “Queensland” universiteti tadqiqotchilari Gunn-Helen Moen, Daniel Xuang va Karolin Brito Nunes homiladorlik davrida cheklangan qahva iste’moli abort, o’lik tug’ilish yoki erta tug’ilish xavfini oshirmasligini aniqladi. Ularning xulosalari Xalqaro Epidemiologiya jurnalida chop etilgan.

YUNISEF tashkiloti ikkinchi finjon choy yoki qahvadan voz kechish qanchalik qiyin bo’lmasin, to’qqiz oy davomida kofein iste’molini kuzatib borishni tavsiya qiladi. Ko’p miqdorda kofein homila rivojlanishini cheklaydi va homilador ayollarga kuniga 200 mg dan oshirmasligini tavsiya etadi.

Yuqoridagi o’rganish natijalari va dalillarni hisobga olsak, homiladorlar va bo’lajak onalar uchun qahva ichish zararli, ular qahva ichsa homilador bo’la olmaydi, bola o’lik tug’iladi kabi ma’lumotlar ishonchli emas. Faqat kofein miqdorini haddan tashqari oshirmaslik tavsiya etiladi.