“Yandex.Taxi” O’zbekistonni tark etadi(mi?)

Ijtimoiy tarmoqlarda “Yandex.Taxi” xizmati soliqlardan bo’yin tovlagani uchun joriy yilning sentyabr oyidan O’zbekistondagi faoliyatini to’xtatishi mumkin, degan xabarlar keng tarqalmoqda. Xususan, «Telegram yulduzlari» nomli yirik auditoriyali kanal tomonidan tarqatilgan post qisqa vaqt ichida 185 ming martadan ortiq ko’rilgan, salkam 2,5 ming marta ulashilgan (TGstat ma’lumotlariga ko’ra). Xabarda, shuningdek, O’zbekiston taksi xizmati bozoriga Estoniyaning “Bolt” va Ukrainaning “Uklon” kompaniyalari kirib kelishi ta’kidlangan.

Mazkur xabarning qanchalik haqiqatga mos kelishini tekshirib ko’rdik:

“Yandex.Taxi” O’zbekistonda 200-ga yaqin rasmiy hamkor tuzilmalar orqali faoliyat olib bormoqda. Biz bog’lanishga muvaffaq bo’lgan xizmatning mamlakatdagi hamkorlaridan biri «YA GROUP TASH» MChJ vakili tarqatilayotgan xabarlarning haqiqatga to’g’ri kelmasligini ta’kidladi; «Biz odatdagi rejimda ishlashda davom etmoqdamiz. Hamkorlikning tugatilishi haqida hech qanday yangilik yo’q», deydi u.

HUKM: YOLG’ON

Qo’shimcha ma’lumot o’rnida aytish mumkinki, “Yandex.Taxi” O’zbekistonda 2018-yil 4-apreldan faoliyatini boshlagan. 2021-2022-yillarda O’zbekistonda Yandex.Taxi ilovasini taqdim etuvchi “Ridetech International B.V.” kompaniyasining jami 1059,1 mlrd so‘mlik xizmatlar ko‘rsatishi natijasida 135 ta agregator 53 mlrd so‘m daromad olgan. Ushbu korxonalar tomonidan 2021-2022 yillar davomida olingan daromadlardan jami 15,2 mlrd so‘m soliq to’langan.

Xabarning davomida ta’kidlanganidek, “Uklon” va “Bolt” kompaniyalarining O’zbekistonga kirib kelishi ehtimoli bor. Ammo bu jarayon Yandex.Taxi-ning mamlakatdagi faoliyati bilan aloqador emas. Ukrainaning “Uklon” kompaniyasi 2023-yil oxirigacha 3 ta mamlakat, jumladan, O’zbekiston hududiga o’z xizmatlari bilan kirib borishini ma’lum qilgan. “Bolt” kompaniyasi ham (avvalgi nomi  “Taxify”)  2018-yillarda o’z faoliyat doirasini kengaytirish uchun Markaziy Osiyo mamlakatlarini munosib variant sifatida ko’rishini bildirgan.