Havo issiq bo’lganligi sababli olingan ta’tilga pul to’lanadimi?

Telegram kanallarida: «O’zbekistonliklar issiq havoda pul to’lanadigan ta’tilga chiqish huquqiga ega. O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 361-moddasiga ko’ra, xonadagi harorat me’yorlarga muvofiq (xona harorati – 22-25 daraja, namlik – 75 foiz) bo’lishi kerak. Agar me’yordan oshib ketgan bo’lsa, xodimlar ish haqini saqlab qolgan holda ishga bormaslikka haqlidirlar», degan ma’lumot tarqaldi.

HUKM: MANIPULYATSIYA

O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 361-moddasida ruxsat etilgan xona harorati va havo namligi to’g’risidagi ma’lumotlar mavjud emas, biroq bandlaridan birida: «Ish vaqti davomida ish o’rinlari joylashgan xonada harorat, yorug’lik, shuningdek ventilyatsiya sanitariya normalari va qoidalariga mos bo’lishi kerak», deyilgan.

Mehnat qilishga mo’ljallangan binolarning mikroiqlimi uchun qabul qilingan sanitariya-gigiyena normalari mavjud. Ushbu normalar bajariladigan ishlarning og’irligi va yil mavsumlarini hisobga olgan holda korxonalarning ishlab chiqarish binolarining ish maydoni uchun mikroiqlim ko’rsatkichlarining maqbul va mumkin bo’lgan darajasini belgilaydi hamda ularni o’lchash va baholash usullarini o’z ichiga oladi.

Normalarga ko’ra, issiq mavsumda yengil jismoniy mehnat uchun xonadagi optimal harorat 25-27 daraja, mumkin bo’lgan harorat esa  31 darajadir. Namlik 40-60% bo’lishi kerak.

Og’ir jismoniy mehnat uchun xonadagi optimal harorat 21-23 daraja, mumkin bo’lgan harorat 27 daraja. Namlik 40-60%.

O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida ish beruvchining mehnat normalarini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlash majburiyati belgilangan.

Xodim issiq havoga toqat qilmasa, O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 358-moddasiga ko’ra, xodim hayoti va sog’lig’iga xavf tug’diruvchi ishlarni bajarishdan bosh tortishga haqli.

«Xodim ish jarayonida o’z hayotiga va sog’lig’iga tahdid soladigan holatlar yuzaga kelganligi to’g’risida ish beruvchini darhol xabardor qilib, o’z hayotiga va sog’lig’iga tahdid soluvchi holatlar bartaraf etilguniga qadar tegishli ishni bajarishni rad etishga haqli. Ana shu davr mobaynida xodimning o’rtacha ish haqi saqlanadi», deyiladi ushbu moddada.