Ish haqi pomidor va bodring bilan to’lanishi rostmi?

Ijtimoiy tarmoqlarda O’zbekistonda  ishchilarga ish haqini pomidor va bodring bilan to’lashga ruxsat berilgani haqida ma’lumotlar tarqalmoqda. Aytishicha, hukumat uy xizmatchilari va qishloq xo’jaligi xodimlariga ish haqini ularning yozma roziligi bilan natura shaklida berish tartibini tasdiqlagan, shu bilan birga, mahsulot narxi uning ish haqining 30 foizidan oshmasligi kerak.

HUKM: MANIPULYATSIYA

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ish haqini natura shaklida to’lashni tartibga solish to’g’risida”gi qarorida ish beruvchi xodimning roziligi bilan unga ish haqining 30 foizidan ko’p bo’lmagan miqdorda qishloq xo’jaligi ishlab chiqaruvchilari tomonidan yetishtirilgan va qayta ishlangan qishloq xo’jaligi mahsulotlari shaklida yoki ishchini oziq-ovqat va vaqtincha yashash uchun uy-joy bilan ta’minlash orqali berishi mumkinligi aytilgan.

Shuningdek, ish haqini natura shaklida to’lash sharti xodim bilan tuziladigan mehnat shartnomasida ko’rsatiladi va xodimning oylik ish haqining 30 foizidan oshmasligi kerak, ya’ni mahsulot narxi 30 foizdan emas, to’langan mahsulot xodimning oylik ish haqining 30 foizidan oshmasligi kerak. 

Qaror faqat bodring va pomidor bilan cheklanmaydi. Qishloq xo’jaligi mahsulotlari juda keng bo’lib, o’z ichiga don, meva, rezavorlar, uzum, poliz ekinlari, sabzavot, kartoshka kabi mahsulotlarni ham oladi.