Oxirgi paytlar ota-onalar va shifokorlar o’rtasida kichik yoshdagi bolalar haqida boradigan dialoglarda СДВГ (Синдром дефицита внимания и гиперактивности), o’zbekcha diqqat yetishmasligi va giperaktivlik sindromi atamasi tez-tez quloqqa chalinyapti. Zamonaviy tendensiyalardan bexabarlik boshqa bir qancha tibbiy tushunchalar, xususan, autizm singari DYGS haqida ham bir qancha noto’g’ri tasavvur va qarashlarning shakllanishiga olib kelgan. Child Mind Institute mazkur sindrom haqida eng keng tarqalgan miflarni bir materialga jamladi va biz uni sizga o’zbek tilida taqdim etamiz.
Diqqat yetishmasligi va giperaktivlik sindromi tushunchasi atrofida juda ko’p tushunmovchiliklar mavjud. Bu tashxis qo’yilishi uchun bolalardagi uch xil qiyinchilik – e’tiborsizlik, giperaktivlik va impulsivlik – birga uchrashi kerak degan noto’g’ri qarashdan kelib chiqadi.
Quyida sindrom haqida eng keng tarqalgan afsona (mif)lardan ba’zilari keltirilgan.
Mif №1. DYGS tashxisi qo’yilgan bolalar uzoq vaqt davomida qandaydir narsa, hodisa yoki jarayonga diqqat qarata olmaydilar.
Ko’pgina hollarda maktabda darslarga e’tibor berishda qiyinchiliklarga duch keladigan bolalarga mazkur tashxis qo’yilgan bo’ladi. Xususan, ko’pchilik bu bolalar bir necha daqiqadan ko’proq vaqt davomida biror narsaga e’tiborini qarata olmaydi, deb o’ylaydi. Psixologiya fanlari doktori, Child Mind Institute qoshidagi DYGS va Xulq-atvor buzilishlari markazining klinik psixologi Karolina Mendel bu qarashning noto’g’ri ekanligini tez-tez ta’kidlaydi. Unga murojaat qiluvchi ota-onalar, masalan, farzandlari Garri Potter haqidagi kitoblarni oqishga uzoq vaqt davomida e’tibor qarata olishini aytib, demak unda sindrom bo’lmasligi kerak, degan g’oyani ilgari surishadi. «Ammo, haqiqat shundaki, agar u bola uchun juda qiziqarli narsa bo’lsa va bola, haqiqatan ham shu narsa/ish, jarayonni uzi uchun afzal deb bilsa, unga e’tibor qaratishi mumkin va bu tabiiy», – deydi doktor.
Sindromning nomiga qaramay, diqqat yetishmasligi va giperaktivlik sindromi tashxisiga ega bo’lgan bolalar bilan bog’liq muammo aslida e’tiborning yetishmasligi emas, balki diqqatni ular uchun unchalik foydali yoki qiziqarli bo’lmagan narsalarga, shu jumladan, ota-onalar va o’qituvchilarning ko’rsatmalariga yo’naltirish qiyinligidir. Darhaqiqat, DYGS bo’lgan ko’plab bolalar o’zlari uchun qiziqarli bo’lgan narsalarga katta e’tibor berib, giperfokusni boshdan kechirishadi. Shuning uchun ham video o’yindan voz kechib, matematikadan uy vazifasini bajarishga kirishish bunday bolalar uchun chin ma’noda mashaqqatli jarayon bo’lishi mumkin.
Mif №2. Agar bola giperaktiv bo’lmasa, demak unda DYGS yo’q.
Sindromning nomiga qaramay, DYGS bo’lgan bolalarning barchasi ham giperaktiv emas. Sindromning ikkita ko’rinishi mavjud, deya tushuntiradi doktor Mendel. Agar bolada sindromning giperaktiv-impulsiv ko’rinishi bo’lsa, belgilariga ko’ra u xuddi motor yordamida harakatga keltiriladigandek o’ta harakatchanlik va faollikni namoyon etadi. Ular, shuningdek, harakat qilishdan oldin uning oqibatlarini o’ylamaslik bilan izohlanuvchi impulsiv xatti-harakatlarga usta bo’lishadi. Haddan tashqari ko’p gapirish va birov gapirayotganda uning so’zini bo’lish, haddan tashqari sabrsizlik va jim o’ynolmaslik muammosi sindromning bu ko’rinishiga misoldir. Ko’pgina ota-onalar DYGSni aynan shu kartinada tasavvur qilishadi.
Ammo sindromning diqqatni jamlolmaslik bilan namoyon bo’luvchi ko’rinishi ham mavjud bo’lib, bu guruhdagi bolalar osongina chalg’ishadi va doimiy e’tibor talab qiladigan narsalar, masalan, uy vazifasiga diqqat qaratishda qiyinchiliklarga duch kelishadi. Boshqa ijro etuvchi faoliyatdagi qiyinchiliklar, xususan, unutuvchanlik va tartib-qoidalarga rioya qilishda muammolarga duch kelish ham DYGSning ushbu ko’rinishiga tegishli. «Menimcha, bu odamlar sindrom haqida ko’pincha anglamaydigan jihatlardan biridir. Ular «ana, bola yugurmayapti, tinch o’tiribdi, demak, unda DYGS yo’q”, – deyishadi. Aslida esa bu tashxisda bo’lgan har bir bola giperaktiv degani emas», – deb tushuntiradi doktor.
Mif №3. Sindrom faqat o’g’il bolalarda uchraydi.
To’g’ri, dunyo miqyosida o’g’il bolalarga qizlarga qaraganda ikki baravar ko’p DYGS tashxisi qo’yilgan. «Odatda, o’g’il bolalar giperaktivlik alomatlarini qizlarga qaraganda ko’proq namoyon qiladilar, – deydi doktor Mendel. – Qizlar ko’proq sindromning e’tiborsizlik ko’rinishini namoyish etadilar».
Qizlarda keng tarqalgan alomatlardan yana biri, doktor Mendelning ta’kidlashicha, kayfiyatning o’ta tez o’zgaruvchanligidir. Sindrom spektridagi qizlar biz uchun kichik tuyilgan narsadan, masalan, biror qiziq ko’rsatuvning tugab qolishidan juda qattiq xafa bo’lishlari mumkin.
Mif №4. DYGS faqat bolalik davri bilan bog’liq muammo bo’lib, keyinchalik o’tib ketadi.
Spektrdagi odam vaqt o’tishi, ulg’ayishi bilan o’zgara boradi, lekin bu sindromning mutlaqo yo’qolishini anglatmaydi. «Tashxis qo’yilgan o’smir yoki kattalar keraksiz paytda o’rnidan turib ketmasligi, tartib saqlashi mumkin, ammo ular ichki noqulaylik, asabiylashish yoki bezovtalanishni his qilishlari ehtimoli bor», – deydi doktor. Bolalar o’rta maktabga kirgach, umidlar ortadi. DYGS tashxisini olgan o’smirlar akademik, ijtimoiy va hissiy jihatdan muammolarga duch kelishlari mumkin. Agar korreksiya ishlari, kerakli chora-tadbirlar amalga oshirilmasa, sindrom giyohvand moddalarni iste’mol qilish va huquqni muhofaza qilish organlari bilan bog’liq muammolar kabi xavfli xatti-harakatlarga olib kelishi ehtimoli bor.
Shuningdek doktor spektrdagi bolalarning taxminan uchdan bir qismi katta bo’lganida sindrom belgilariga ega bo’lmasligini fa’kidlaydi. Uning aytishicha, yana uchdan birida DYGS belgilari balog’at yoshida ham mavjud bo’ladi, lekin ular bolalik davridagi kabi kuchli bo’lmaydi. Va qolgan deyarli uchdan bir qism tashxis olganlarga sindrom simptomlari hayot davomida hamrohlik qiladi. Lekin mutaxassislar ota-onalarni kutishga va bolaning sindrom belgilaridan xalos bo’lishiga umid qilishga undamaydi. Chunki o’qituvchilar va ota-onalar bilan ko’p yillik anglashilmovchiliklar bolaga jiddiy zarar keltirishi mumkin. Tavsiya etilgan terapiya bolalarda butun hayoti davomida DYGS alomatlarini boshqarishga yordam beradigan ko’nikmalarni shakllantirishni o’z ichiga oladi.
Mif №5. DYGS noto’g’ri tarbiya tufayli yuzaga keladi.
Agar bola impulsiv bo’lsa, ko’rsatmalarga rioya qilmasa va o’zini tutishda kamchiliklarga yo’l qo’ysa, atrofdagilar uchun xulosa qilish oson. Ammo diqqat yetishmasligi va giperaktivlik sindromi neyrorivojlanish buzilishidir va miya tasvirlari bu sindromdagi bolalarda miyaning ishlashidagi farqlarni ko’rsatadi.
Boshqa bolalarga nisbatan ish beradigan ota-onalik strategiyalari ko’pincha spektrda bo’lgan bolalar bilan ishlamaydi, shuning uchun ota-onalar mavjud vaziyatga moslashishlari kerak. Ota-onalarning bunday tashxisga ega bo’lgan bolalarga o’z xatti-harakatlarini boshqarishni o’rganishda to’g’ri yordam berishda juda muhimdir. Masalan, bola to’g’ri xulq-atvorni namoyon qilganda ota-ona uni qo’llab-quvvatlashi va maqtashi kerak. Shu orqali bolada o’sha xatti-harakatlar ijobiy taassurot natijasida mustahkamlanadi. Ijobiy mustahkamlash ota-onalar bilan ishonchli munosabatlarni o’rnatish va bolani qoniqarli xatti-harakatlarini davom ettirishga undash uchun muhimdir.
Mif №6. DYGS uchun qabul qilinadigan dori-darmonlar bolaning shaxsiyatini o’zgartiradi.
Sindrom uchun qabul qilinadigan dorilar ba’zan bolalarning kayfiyatini ko’taradi yoki tinchlantiradi. Ammo medikamentoz davolash barcha bolalarda ham bir xil natija bermaydi. Va agar shunday holat sodir bo’lsa, bu bolaning ehtiyojlaridan kelib chiqib noto’g’ri doza yoki dori-darmon tanlanganligini anglatadi. Sindromda barchaga mos keladigan yagona dori-darmon rejimi yo’q. DYGSda qabul qilinadigan dorilar ba’zi hollarda bolani agressiv va asabiy qilib qo’yadi. Shu sababdan ham to’g’ri vosita va doza tanlash har jihatdan muhimdir.