40 yil okeanda suzgan plastik idish: rost yoki yolg’on?

Ijtimoiy tarmoqlarda 1976-yil okeanga tashlangani va 2016-yil Fransiyadan topilganligi aytilayotgan yogurt plastik idishi suratlari tarqalyapti. Surat ostidagi izohga ko’ra, 40 yil davomida idish hatto parchalanishni ham boshlamagan. 

Biz ushbu surat va uning izohi qanchalik haqiqatga yaqin kelishini tekshirib ko´rdik.

HUKM: HAQIQAT

Yogurt idishi doim ham xalqaro nashrlar sarlavhalarining asosiy mavzusiga aylanmasa-da, fransuz plyajlaridan birida topilgan “Yoplait” yogurtining plastik idishiga bu nasib qildi, deb yozadi newstalk.com nashri. Ushbu voqea dunyo bo’ylab jahon okeani bilan bog’liq tobora jiddiylashib borayotgan plastik muammosining yorqin dalili sifatida ko’rsatilmoqda. Yogurtning ushbu qadog’i ko’rinishidan uning 1976-yilda Monrealda bo’lib o’tgan yozgi Olimpiya o’yinlariga bag’ishlab maxsus chiqarilganligi anglashiladi.

Boshqa bir nashr idish Ispaniyaning Kosta-Blanka shahrida joylashgan Denia sohilida topilgan deb yozadi. La Voix du Nord nomli fransuz nashrining yozishicha, iti bilan sohilda sayr qilishni yoqtiradigan tabiatsevar Metyu Mompo ismli ayol odatda dengizdan oqib keladigan axlatlarni yig’ish uchun o’zi bilan sumka olib yuradi. Shunday kunlardan birida uning qo’liga ushbu noyob topilma tushadi.

Ekofaol Metyu shunday deydi: “Men odatdagidek o’zim boradigan plyajni tozalayotgan edim va u yerdan buni topdim. Bu yerdan ilgari ham ko’plab yogurt qutilarini yig’ib olganman, ammo brendi tufayli bu idish e’tiborimni tortdi — “Yoplait” ispan supermarketlarini ancha oldin, 2001-yillarda tark etgan”.

Keyinchalik Rob Gordon ismli foydalanuvchi “Yoplait” idishi suratini twitterga joylagan. 12 000 marta retvit qilinganligi aytilayotgan sahifa negadir hozirda mavjud emas. Metyu topilmasidagi qutidan biroz farq qiluvchi idish surati ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari tomonidan keng muhokama qilingan, xususan, uning soxta, balki 3D-bosma maket ekanligi haqidagi taxminlar bor. 

Atrof-muhit masalalari bo’yicha tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, yengil plastik buyumlar, masalan, tashuvchi sumkalar parchalanishi uchun o’nlab yillar kerak bo’ladi, o’rtacha plastik idish bilan esa bu jarayon 450 yilni oladi. Past harorat va kislorod darajasi tufayli parchalanish okeanda yanada uzoqroq vaqt oladi. Plastik buyumlarning parchalanishi dengiz ekotizimlariga ham tahdid soladi, chunki plastikning parchalangan mikro bo’lakchalari zaharli bo’lib, okean suvini ifloslantirishda davom etishi mumkin. Bunda zararli mayda jismlar dengiz hayoti tomonidan o’zlashtiriladi va inson oziq-ovqat zanjiriga kirib boradi.

Har yili dengizga qariyb 8 million tonna plastik buyumlar tashlanadi, Jahon Iqtisodiy Forumi 2050-yilga borib dunyo okeanlarida plastik buyumlar baliqlardan ko’ra og’irroq tosh bosishini bashorat qilmoqda.