Dam olish kunlari ko’proq bo’ladimi?

Dam olish kunlari ko’proq bo’ladimi? 


“Bugungi gap” telegram kanali O’zbekistonda dam olish kunlari ko’proq bo’lishi haqida post joyladi. Unda bundan buyon O’zbekistonda bayram kalendar dam olish kuni (shanba yoki yakshanba)ga to’g’ri kelsa, keyingi ish kuni (dushanba) ham rasman dam olish kuni deb hisoblanishi yozilgan. 

HUKM: ROST

Qonun nima deydi?

O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq, dam olish kuni ishlanmaydigan bayram kuniga to’g’ri kelgan taqdirda, dam olish kuni bayramdan keyingi ish kuniga ko’chirilishi belgilangan. Ammo ishlab chiqarish-texnik va tashkiliy sharoitlar (mavjud uzluksiz ishlab chiqarish, aholiga har kuni xizmat ko’rsatish, navbatchilik asosida ishlash va boshqalar) tufayli ishlanmaydigan bayram kunlari to’xtatib qo’yish mumkin bo’lmagan ishlarni bajarishda dam olish kunlari ko’chirilmaydi. 

Masalan, “1-oktabr — O’qituvchi va murabbiylar kuni” 2023-yilda yakshanba — dam olish kuniga to’g’ri keladi. Shu sababli ushbu dam olish kuni 2023-yil 2-oktabr — dushanbaga ko’chiriladi. 

Kodeksdagi bu o’zgarish O’zbekiston Respublikasining 2022-yil 28-oktabrdagi “O’zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to’g’risida”gi 798-son Qonuni bilan tasdiqlangan. U 2023-yil 30-aprelda kuchga kirgan.

Avvalgi nashrdagi O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida bayram (ishlanmaydigan) kunlariga oid qismi 131-moddada berilgan bo’lib, unda bunday holat keltirilmagan.