Saraton haqida afsonalar va faktlar

Saratonning paydo bo’lishi va rivojlanishi haqidagi ba’zi keng tarqalgan afsonalar, garchi ilmiy jihatdan noto’g’ri bo’lsa-da, oqilona bo’lib ko’rinishi mumkin, ayniqsa ular eski nazariyalarga asoslangan bo’lsa. Ammo saraton haqida noto’g’ri tushunchalar tashvishga olib kelishi va hatto uni oldini olish va davolashga xalaqit berishi mumkin. The Medium o’z materialida saraton haqida eng keng tarqalgan afsonalarni to’pladi.

Saraton butun dunyo bo’ylab millionlab odamlarga ta’sir qiladigan murakkab va ko’pincha noto’g’ri tushunilgan kasallikdir. Afsuski, saraton haqida noto’g’ri tushunchalar va afsonalar noto’g’ri ma’lumot, qo’rquv va chalkashliklarni tarqatishi mumkin.

1-afsona: Saraton har doim o’limga olib keladi

Saraton haqidagi eng keng tarqalgan afsonalardan biri shundan iboratki, u har doim o’limga olib keladi. To’g’ri, saraton jiddiy va hayot uchun xavfli kasallikdir. Biroq, erta aniqlash, davolash imkoniyatlari va qo’llab-quvvatlovchi yordam sohasidagi yutuqlar yashab qolish darajasini sezilarli darajada yaxshilagan. Ko’p insonlar saraton kasalligi tashhisi qo’yilganidan so’ng muvaffaqiyatli tuzalib, to’liq hayot kechirmoqda.

2-afsona: Supermahsulotlar yoki maxsus parhezlar saraton kasalligini davolaydi

To’g’ri ovqatlanish umumiy salomatlik uchun muhim bo’lsa-da, saraton kasalligini davolaydigan maxsus parhez yoki oziq-ovqat mavjud emas. Ba’zi mahsulotlar umumiy salomatlikni qo’llab-quvvatlaydigan foydali xususiyatlarga yoki antioksidantlarga ega, ammo ular saraton kasalligini davolashning o’rnini bosa olmaydi. Tibbiyot sohasi mutaxassislari tomonidan taqdim etilgan ilmiy dalillarga asoslangan davo usullariga tayanish muhimdir.

3-afsona: Faqat keksa odamlar saraton kasalligiga chalinadi

Saraton har qanday yoshdagi odamlarda, shu jumladan bolalar va yoshlarda ham aniqlanishi mumkin. Saraton rivojlanish xavfi yosh ulg’aygani sari ortib borsa-da, saraton hayotning har qanday bosqichida paydo bo’lishi mumkinligini bilish muhimdir. Leykemiya va sarkoma kabi saraton kasalliklari yoshlarda ko’proq uchraydi.

4-afsona: Mammografiya ko’krak bezi saratoniga olib keladi

Mammografiya, yani ko’krak bezi saratonini aniqlash uchun foydalaniladigan rentgen tekshiruvi ko’krak bezi saratoniga olib kelmaydi. Ko’krak bezi saratonini erta aniqlashda muntazam mammografiyaning afzalliklari va yashab qolish darajasi ushbu protsedura bilan bog’liq har qanday xavfdan ancha ustundir.

5-afsona: Soch bo’yoqlari saraton keltirib chiqaradi

Soch bo’yoqlaridan foydalanish saraton xavfining oshishi bilan bog’liq bo’lgan ishonchli dalillar yo’q. Ba’zi tadqiqotlar ehtimoliy aloqani taxmin qilsa-da, umumiy xavf hali ham minimal deb hisoblanadi.

Eslatma. Sochni tekislash va silliqlash vositalari kabi ba’zi soch uchun mahsulotlar tarkibida formaldegid yoki formaldegid ishlab chiqaradigan konservantlar bo’lishi mumkin. Uzoq muddat ularni xidlash bilan bog’liq yuqori darajadagi formaldegid ta’siri saratonning ayrim turlari, jumladan, nafas olish yo’llari saratoni va leykemiya xavfini oshiradi. Yuqori sezuvchanlikka ega odamlar formaldegidsiz muqobil vositalarni tanlashlari mumkin. Soch uchun mahsulotlarni ishlatishdan oldin, tarkibiy qismlari keltirilgan yorlig’ini diqqat bilan o’qib chiqishingiz va soch bo’yoqlaridan foydalanganda ishlab chiqaruvchilar tomonidan taqdim etilgan xavfsizlik ko’rsatmalariga amal qilishingiz tavsiya etiladi.

6-chi afsona: Saraton faqat genetika sababli paydo bo’ladi

Insonda saraton kasalligi rivojlanishi xavfiga genetik omillar ham hissa qo’shishi mumkin, ammo turmush tarzi va atrof-muhitning ta’siri ham bunda rol o’ynaydi. Tamaki iste’moli, noto’g’ri ovqatlanish, jismoniy harakatsizlik, kanserogenlar va boshqa turmush tarzi omillarining ta’sir qilishi, hatto oilasida kasallik aniqnanmagan odamlarda ham saraton rivojlanish xavfini sezilarli darajada oshirishi mumkin.

7-afsona: Muqobil davolash usullari saraton kasalligini davolay oladi

Muqobil davolash usullari qulaylik ta’minlashi va simptomlarni yengillashtirishi mumkin, ammo ularga saraton kasalligining davosi sifatida qarash yaramaydi. Saraton kasalligini qarshi kurashni samarali olib borish va davolash tibbiyot xodimlari tomonidan taqdim etilgan, ilmiy dalillarga asoslangan davolash usullaridan foydalanishni talab qiladi.

8-afsona: Saraton yuqumli

Ommabop tarqalgan fikrdan farqli o’laroq, saraton yuqumli emas. U yuqumli kasallik kabi odamdan odamga yuqishi mumkin emas. Saraton kasal odam bilan aloqa qilish yoki u bilan yaqinlikdan emas, balki odamning o’z hujayralaridagi genetik mutatsiyalar yoki boshqa omillar tufayli yuzaga keladi.

9-afsona: Biopsiya saraton kasalligining tarqalishiga olib keladi

Tekshiruv uchun to’qimalarning kichik namunasi olinadigan biopsiya saratonning nson organizmida tarqalishiga olib kelmaydi. Saratonni aniq tashxislash, uning xususiyatlarini aniqlash va davolash haqida tegishli qarorlarni qabul qilish uchun biopsiya zarur.

10-afsona: Quyoshdan himoyalovchi krem D vitamini tanqisligiga olib keladi

Quyoshdan himoya qiluvchi krem terini zararli ultrabinafsha nurlaridan himoya qilish, teri saratoni xavfini kamaytirish uchun muhim vositadir. Ammo ba’zi odamlar bu D vitamini tanqisligiga olib kelishi mumkin, deb hisoblashadi. Quyoshdan himoya qiluvchi krem ​​terining D vitamini ishlab chiqarish qobiliyatini to’liq bloklamaydi. Hatto quyoshdan himoyalovchi kremdan foydalanganda ham teri ultrabinafsha nurlanishni o’zlashtira oladi, bu esa D vitaminining yetarli darajada sintezini ta’minlaydi. Bundan tashqari D vitaminining boshqa manbalari, masalan, ma’lum oziq-ovqatlar va D vitamini qo’shimchalari, bu optimal darajani saqlashga yordam beradi.

Saraton kasalligi haqida aniq ma’lumot olish uchun ishonchli manbalarni izlashni va tibbiyot xodimlari bilan maslahatlashishni unutmang.

Ushbu miflar dastlab survivingbreastcancer.org saytida to’plangan va nashr etilgan.