2023 yilning 3 avgust kuni Adliya vazirligi Prezident qaroriga tayanib, 1 sentabrdan “Agroplatforma” axborot tizimi ishga tushirilishini ma’lum qildi. Yangi onlayn tizim paxta, g‘alla, meva-sabzavot yetishtirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi xizmatlarini ko‘rsatish uchun imtiyozli kreditlar berishni raqamlashtirishga qaratilgan.
Factchecknet.uz sayti “Agroplatforma” ishga tushirilgani va ushbu sayt va’da qilingan mezonlarga javob berish yoki bermasligini aniqlashga qaror qildi.
HUKM: QISMAN BAJARILGAN
Qishloq xoʻjaligi vazirligi “Agroplatforma” axborot tizimi veb-saytini ishga tushirdi, biroq sayt faqat bosh sahifadan iborat. Masalan, YIDXP orqali unda roʻyxatdan oʻtish, asosiy sahifadan kerakli boʻlimlarga kirishning iloji yoʻq, chunki ularning tugmalari bosilmaydi yoki hali tayyor emas, faqat lotin alifbosidagi oʻzbek tili shaklida ishga tushirilgan. Shunday qilib, sayt rasmiy ravishda belgilangan muddatda ishga tushirildi, lekin aslida platforma ishlamayapti.
Tarixi
Avvalroq “Agroplatforma” onlayn tizimini ishga tushirish bir necha bor qoldirilgandi. Dastlab, platformani 2022 yil oxirigacha ishga tushirish rejalashtirilgan edi. O‘sha paytda platforma orqali fermer xo‘jaliklari imtiyozli kredit olish va sug‘urtalash, shuningdek, shartnomalar tuzish, lizing asosida texnika olish va boshqa xizmatlar uchun murojat qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi nazarda tutilgan edi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023-yilning yanvar oyida paxta yetkazib berish bo‘yicha fyuchers shartnomalarini (sotuvchi va xaridor o‘rtasida narx va yetkazib berish muddati oldindan kelishib olinadigan oldi-sotdi shartnomasi) soliq organlari tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish va ma’lumotlar bazasini “Agroplatforma” bilan integratsiyalash bo‘yicha topshiriq bergan edi. Keyinchalik tizimni ishga tushirish sanasi joriy yilning 1-iyuniga ko‘chirildi. Biroq, shundan so‘ng vazifa yana bir necha oyga – sentyabgacha kechiktirildi va platforma hali to‘liq foydalanishga tayyor bo‘lmagan holda ishga tushirildi.
“Agroplatforma” axborot tizimini ishga tushirish va’dasi bajarilgan deb hisoblash uchun Qishloq xo‘jaligi vazirligi platformani yakunlashi kerak. Xususan, turli boʻlimlarga oʻtish imkoniyati ta’minlanishi, kirill alifbosidagi oʻzbek tili va rus tili qoʻshilishi, foydalanuvchilarni roʻyxatdan oʻtkazishdagi xatoliklar bartaraf qilinishi, shuningdek, shikoyat va takliflar uchun qayta aloqa funksiyasi yoqilishi darkor.