“Ko‘cha san’ati va musiqasi” platformasi yaratildimi?

O‘zbekistonda ko‘chalarda tashkil etilgan cholg‘u asboblari, rassomchilik va hunarmandchilik savdo rastalarida o‘z ijod mahsulotlarini aholiga hamda xorijiy turistlarga taqdim etib kelayotgan erkin ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirishni nazarda tutuvchi “Ko‘cha san’ati va musiqasi” platformasini ishga tushirish belgilangan edi.

Prezident qarori va Madaniyat vazirligining 2024-yil 8-apreldagi buyrug‘iga muvofiq O‘zbekistonda “Ko‘cha san’ati va musiqasi” raqamli platformasini ishga tushirish rejalashtirilgan edi. Ushbu platforma o‘z ijodiy ishlarini va mahsulotlarini maxsus belgilangan ko‘chalarda aholiga va turistlarga taqdim etuvchi erkin ijodkorlar va musiqachilarni qo‘llab-quvvatlashga mo‘ljallangan.

Factchecknet.uz vazifa ijrosini tekshirdi.

HUKM: QISMAN BAJARILGAN
Loyiha 2024-yil 1-iyun sanasida yakunlanishi kerak edi. Biz bilan telefon orqali muloqot qilgan Madaniyat vazirligining mas’ul xodimi Doston Ro‘zimurodovga ko‘ra, loyiha https://streetart.uz/ havolasi ostida ishga tushirilgan.

“Ko‘cha san’ati va musiqasi” platformasi yaratildimi?

Biroq sayt belgilangan maqsad va vazifalar talablariga javob bermaydi. Xususan, saytning “Loyiha haqida” va “Baholash mezonlari” bo‘limlari hech qanday ma’lumot bilan to‘ldirilmagan. “Ijodiy manzillar” bo‘limidagi interaktiv xarita hech qanday amaliy, qo‘llash mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni taqdim etmaydi. “Yo‘nalish” kategoriyasida turli ijod yo‘nalishlari aks etgan bo‘lishiga qaramay, ro‘yxatdan o‘tgan ishtirokchilar umumlashtirib yuborilgan, bundan tashqari, ularning hech biri ijod namunalarini saytga yuklamagan.

“Ko‘cha san’ati va musiqasi” platformasi yaratildimi?

Loyihaning ijtimoy tarmoqlardagi sahifalariga olib o‘tuvchi havolalar foydalanuvchini qayta va qayta saytga yo‘naltiradi. 

Sayt targ‘iboti yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan va bu uning belgilangan maqsad va vazifalariga mos ravishda erkin ijodkorlar va musiqachilarni jalb eta olmaganini ko‘rsatadi. Loyiha nomi ham global qidiruvda hech qanday natija bermaydi.