2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida 2023-yil sentyabr oyida “Mahalla institutining jamiyat hayotida tutgan o‘rni” Xalqaro forumini o‘tkazish vazifasi belgilangan edi. Ijrochilar sifatida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Yoshlar siyosati va sport vazirligi ko‘rsatilgan.
Factchecknet mazkur vazifa ijrosi qay darajada ta’minlanganini tekshirib ko‘rdi.
HUKM: QISMAN BAJARILGAN
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga ko‘ra, 2023-yil 6-oktyabr sanasida Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida “Mahalla institutining jamiyat hayotida tutgan o‘rni” mavzusida Xalqaro forum boshlangan.
“Forumda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi mas’ullari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari hamda Jahon banki, UNICEF va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari ishtirok etishmoqda”, deyiladi vazirlik xabarida.

Xalqaro forumda quyidagi masalalar ko‘rib chiqilgan:
- mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va infratuzilmani yaxshilash, bu borada Mahalla fuqarolar yigʻinlarining rolini kuchaytirish;
- “Obod xonadon”, “Obod koʻcha” va “Obod mahalla” mezonlarini joriy etish;
- mahallalarda ijtimoiy-huquqiy himoyaga muhtoj yoshlar, xotin-qizlar, keksa nuroniylar, nogironlarni qoʻllab-quvvatlash va koʻrsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar koʻlamini kengaytirish;
- mahallada osoyishtalik, millatlararo totuvlik va hamjihatlikni taʼminlash;
- ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligida mahalla raislari va xotin-qizlar faollarining roli;
- xorijiy davlatlardagi oʻzini-oʻzi boshqarish organlari faoliyati – xalqaro tajriba, yaqin hamkorlik va istiqbolli rejalar.

Davlat dasturida sentyabr oyida o‘tkazilishi belgilangani holda forumning oktyabr oyida tashkillashtirilgani ijroni qisman bajarilgan deya tavsiflash uchun asos bo‘la oladi. Shuni ham qo‘shimcha qilish mumkinki, xalqaro forum haqida vazirlikning o‘z sahifalaridan boshqa hech qayerda, xususan, OAVda ma’lumot topishning imkoni bo‘lmadi. Vazirlik veb-saytiga ham forumga taalluqli xabarlarni joylash unutilgan.