Issiq choy qizilo‘ngach saratoniga olib keladi: rost yoki yolg‘on?

Telegram kanallaridan birida issiq sho‘rva va choyni yaxshi ko‘radiganlarning qizilo‘ngach saratoni bilan kasallanish ehtimoli 90 foizga ko‘proq ekani haqida post e’lon qilindi.

“Issiq choy va sho‘rvalarni tez-tez iste’mol qilish me’da devorlari zaifligini oshiradi va turli oshqozon kasalliklarining rivojlanishiga olib keladi, ularning eng daxshatlisi esa saratondir”, — deyiladi xabarda.

HUKM: QISMAN ROST

Issiq sho‘rva va choy saraton kasalligini keltirib chiqarmaydi. Ammo, agar odamda boshqa omillar, jumladan, ichish va chekish bo‘lsa, uning kasallanish ehtimoli yuqoriroq bo‘lishi mumkin.

Qizilo‘ngach saratoni rivojlanishining issiq ichimliklar bilan bog‘liqligi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) 2016-yilgi bayonoti, 2018-yilgi Xitoy tadqiqoti va 2019-yilgi Eron tadqiqotida keltirilgan.

JSST saraton rivojlanishi xavfining bir nechta tasnifini keltiradi va juda issiq ichimliklar ichishni odamlar uchun “ehtimol kanserogen” (2A guruhi) deb tasniflaydi.

Spirtli ichimliklar va tamaki iste’moli bilan birga issiq choyni iste’mol qilish, shuningdek, qizilo‘ngach saratoni xavfi bo‘yicha Xitoyda o‘tkazilgan tadqiqot bu jarayonlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqladi. Muammo shunda ediki, odamlardan ichayotgan choyning qanchalik issiqligini baholashni so‘rashgan, ammo haroratni haqiqiy o‘lchash bo‘lmagan.

“Yuqori haroratda choy ichish spirtli ichimliklar yoki tamaki mahsulotlarini haddan tashqari iste’mol qilish bilan birlashganda qizilo‘ngach saratoni xavfining oshishi bilan bog‘liq”, — deyiladi hujjatda.

Eronda o‘tkazilgan tadqiqotda 65°C va undan yuqori haroratdagi choyni ichgan odamlarda qizilo‘ngach saratoni xavfini uni pastroq haroratda va kamroq miqdorda ichganlarniki bilan taqqoslashdi.

Bundan tashqari, ichimlikni quyishdan to ichishgacha bo‘lgan vaqt qisqa edi, buni ehtimoliy xavflar bilan bog‘lashdi. Shuni ta’kidlash kerakki, tadqiqotning salbiy tomoni unda nazorat guruhining ishtirok etmaganida edi.

Shuningdek, BBC Eron tadqiqoti haqida shunday yozgan: “Dunyoning boshqa mamlakatlarida statistika butunlay boshqacha. Eron va Xitoyda qizilo‘ngach saratoni ko ‘proq uchraydi, ehtimol bu ovqatlanish va chekish kabi omillarga bog‘liqdir”.

Unda nima qilish kerak?

Faqat issiq suyuqlik ichish qizilo‘ngach saratoni xavfini oshirishi haqida ishonchli dalillar mavjud emas. Biroq, mutaxassislar tamaki chekuvchi yoki spirtli ichimliklarni iste’mol qiluvchilar uchun uning ehtimolini istisno qilmaydilar.

Saraton kasalligi rivojlanish xavfini kamaytirish uchun turmush tarziga bir qator o‘zgartirishlar kiritish kerak. Shu jumladan, uni sog‘lom tarzga keltirish, yomon odatlardan voz kechish va mutaxassislarning maslahatlariga quloq tutish lozim.