Elektr uzilishlaridan aholini ogohlantirishyaptimi?

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga tegishli “Huquqiy axborot” telegram kanalida ma’lum qilinishicha, qonunchilikka ko‘ra, hududiy elektr tarmoqlari korxonalari elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlarining rejali ta’mirlanishi tufayli elektr energiyasi bilan ta’minlashdagi mumkin bo‘lgan uzilishlar to‘g‘risida kamida 3 kun oldin ogohlantirishga majbur. Shuningdek, iste’molchilarga elektr energiyasi yetkazib berishning to‘xtatib turilishi va buning sabablari to‘g‘risida ma’lumot berilishi lozim.

Biz Facebook tarmog‘ida so‘rovnoma o‘tkazdik. Bu orqali iste’molchilar elektr energiyasi ta’minoti uzilishidan oldin bu haqda ogohlantirish olishadimi yoki yo‘qmi, aniqlashga harakat qildik. 

HUKM: QISMAN BAJARILMOQDA

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bergan javoblarga ko’ra, ular aksariyat hollarda elektr energiyasi bilan bog‘liq uzilishlardan ogohlantirilmaydilar. Quyida so‘rovnomaga javoban qoldirilgan izohlardan ayrimlari: “Ular umuman oddiy xalqni hurmat qilmaydi, xohlaganicha peniya oladi, oldindan o‘chiradi, Toshkent-ku mayli, Buxoroda kuniga 8 marta 2 soatdan o‘chiradi, yana bunga hech qanaqa tushuntirish yo‘q. Biz 21-asrda yashayapmiz, hamma ishimiz texnika bilan bog‘liq”; “Ba’zan tumanimiz kanalida e’lon beriladi. Keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz” deb ham qo‘shib qo‘yishadi. Metro bahona rosa gaz, svet, suvni o‘chirishadi”; “Hali biror marta ham o‘chirish sababini aytib ogohlantirishmagan. Hatto tuman RESga telefon qilsak, band bo‘ladi”; “Namanganda mikrorayon bo‘yicha mahallakomlar gruppasida doim ogohlantirishadi”; “Nazarbekda ogohlantirishsiz, puli to‘langan bo‘lsa ham kuniga 3-4 marta o‘chadi 2-3 soatga, ba’zan 4-5 soatga. Kechasi ham, kunduzi ham. Haftada kamida 3 marta shunaqa, qishda yana ham ko‘p o‘chadi”; “Bektemir tumanida yashaymiz, bizning ko‘chamizga e’lon yopishtirib ketishadi, ko‘rmasak, chiqib so‘raymiz, qo‘shnilar aytadi, o‘zi o‘chmaydi hisob”.

Tahririyat bilan telefon qo‘ng‘irog‘i orqali bog‘langan Energetika vazirligi Axborot xizmati rahbari Hasan Toshxo‘jayevga ko‘ra, elektr energiyasi bilan bog‘liq uzilishlar 500 xonadondan ko‘p aholiga ta’sir o‘tkazsa, ko‘p hollarda vazirlik veb-saytida ma’lum qilinadi. Shuningdek, mas’ulga ko‘ra, uzilishlar mavzum oldi tayyorgarlik paytida va avariya holatlaridagina sodir bo‘ladi. Mavsum oldi tayyorgarlik sababli yuzaga keladigan uzilishlar haqida tegishli hududiy elektr tarmoqlari korxonalari, hududlar hokimliklari, mahallalarning ijtimoiy tarmoqlardagi  sahifalarida doimiy ma’lumot berib boriladi. Avariya holatlarida oldindan ogohlantirish tartibini amalda qo‘llash imkonsiz bo‘lsada, uzilish sababi va ta’minotning taxminan qachon tiklanishi haqida xabar beriladi.

Shuningdek, vazirlik Axborot xizmati rahbari fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari hamda vazirlik bazasidagi ma’lumotlar orasida tafovutlar borligini ta’kidladi. “Ba’zi fuqarolarda bir nechta telefon raqamlari bo‘labi, bazaga esa ulardan bittasi kiritilgan bo‘ladi. Shuningdek, ularning doimiy va vaqtincha yashash manzillari haqida ma’lumotlarni to‘liq shakllantirish hozircha imkonsiz, bu ham uzilishlar haqida oldindan ogohlantirish ishlariga ta’sir qilmay qolmaydi”, — deydi u.

Hasan Toshxo‘jayev aholining o‘z hududi bilan bog‘liq axborot tarqatuvchi kanal va sahifalarni kuzatmasligini, befarqligini ham ta’kidlaydi. Unga ko‘ra, iste’molchilar o‘zlari yashaydigan hudud bilan bog‘liq bu kabi masalalarga u qadar qiziqish bildirmaydi, tegishli manbalarni kuzatmaydi. “Agar har bir fuqaro o‘z hududi bilan bog‘liq kanal, guruh va boshqa ma’lumot manbalari, shuningdek, vazirlik veb-saytini kuzatsa, elektr energiyasi bilan bog‘liq uzilishlardan bexabar qolmaydi”, — deydi vazirlik Axborot xizmati rahbari.