Toshkentdagi portlash haqidagi uchta feyk

28-sentabr kuni taxminan soat 02:43 da Toshkent shahrining Sergeli tumanida kuchli portlash sodir bo’ldi. Portlash Toshkent shahrining Sergeli tumani Quruvchi massivida joylashgan “Inter Logistic” MChJga qarashli omborxonada kuchli chaqnash natijasida sodir bo’lgan. Yong’in katta maydonni qamrab olgan, yaqin atrofdagi uylarning derazalari sinib ketgan. Ertalabgacha ko’chalarda sirena tovushlari eshitilib turgan.

Internet foydalanuvchilari portlash haqida yolg’on ma’lumotlar tarqata boshladi.

Quyida ushbu voqea haqida 3 ta keng tarqalgan feyklarni keltiramiz:

1 – feyk. Samolyot qulab tushdi

HUKM: YOLG’ON

Samolyot qulamagan, O’zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi portlash samolyot qulashi tufayli yuz bergani haqidagi mish-mishni darhol rad etib, “Yong’in “Inter Logistic” MChJga qarashli omborxonada sodir bo’ldi”, — deb izohladi.

2 – feyk. BYD elektromobilining akkumulyatori portladi

HUKM: YOLG’ON

Voqea joyi yaqinida haqiqatan ham o’nlab yangi import qilingan avtomobillar, jumladan, BYD elektromobillari bo’lgan, biroq portlash sababi ular emas, chunki portlash omborxonada sodir bo’lgan.

3 – feyk. Aeroport portladi

HUKM: YOLG’ON

Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda Sergeli tumanidagi voqea aeroportda yuz bergani haqida feyk xabarlar tarqaldi. Bu mutlaqo to’g’ri emas. Aeroportda portlash sodir bo’lmagan. Ertalab soat 6:26 da Uzbekistan Airports o’z telegram kanalida voqea poytaxt aeroporti faoliyatiga hech qanday ta’sir ko’rsatmagani, “Toshkent” xalqaro aeroporti cheklovsiz normal rejimda ishlayotgani haqida xabar e’lon qildi.

Biroq portlash sabablari noma’lumligicha qolmoqda. Interlogistics qo’shma korxonasiga qarashli Xalqaro logistika markazi (United Cargo Center) omborxonada portlovchi mahsulotlar saqlanmaganini ma’lum qildi.

“Biz portlashga nima sabab bo’lganini bilmaymiz. Bizda uchqun paydo bo’lishiga olib keladigan yonuvchan narsalar yo’q edi”, — dedi majmua vakili.