Alisher Qodirovning bayonoti yuzasidan

Ijtimoiy tarmoqlarda, Milliy tiklanish partiyasi rahbari Alisher Qodirovning Toshkent shahri va mamlakatning qator boshqa hududlarida havo sifatining o‘ta xavfli standartidan tushmay kelayotganligi yuzasidan munosabati muhokamalarga sabab bo‘ldi. 

HUKM: MANIPULYATSIYA 

Partiya rahbari 22-noyabr kuni Telegram messenjeridagi o‘z shaxsiy blogida yozgan postida shunday deydi:   “Dunyoda biron hukumat tabiatga buyruq berolmagan, berolmaydi ham. O‘zbek xalqi doimo Xudodan qo‘rqib, bandasiga andisha bilan, Vataniga maskun hayotini yashagan, yashayapti va yashaydi. Qudrat tafakkur, tartib va ahilligimizda. Unutmang, bizning bezovtaligimiz kimlarningdir xotirjam bo‘lishi uchun juda kerak bo‘lib turibdi… 

23-noyabr kuni esa, O`zgidromet muassasasi xabarini ilova qilgan holda, “Ekolog ekspertlarning tadqiqot va xulosalariga ko‘ra, qurilish, transport va sanoatning Toshkent havosidagi ta’sir darajasi 8-10 foizdan oshmaydi. Safarbarlik bilan bo‘layotgan barcha ish va qarorlar shu foizga ta’sir qiladi, xolos. Hukumatni istagancha tanqid qilaylik, odamlarni rozi qilish uchun shamol, yomg‘ir, yoki havo massasini sotib olib bo‘lmaydi, aksincha, havoda zararli zarralar bilan negativ zarralar miqdori ham ortadi… Shuni aytmoqchi edim xolos…” deya bu mavzudagi fikrlariga yakun yasagan. Vaholanki, shu yilning 17 may kuni e’lon qilingan maqolada, yomg‘irdan keyin ham shahardagi havoning ifloslanganlik darajasi yuqoriligicha saqlanib qolganligi va uning sababi sifatida havo tarkibidagi nafaqat tabiiy chang, balki quyidagi elementlar ham keltiriladi: jumladan, 

  • Toshkent shahrida RM2.5 mayda dispers zarrachalarining shakllanishida tabiiy chang – 36 foiz, 
  • issiqlik ta’minoti – 28 foiz, 
  • transport vositalari – 16 foiz, 
  • sanoat korxonalari – 13 foiz, 
  • shahar changi- 6%, 
  • chiqindilar-1%. 

2024 yilning 5 sentyabr kuni “Milliy tiklanish” partiyasining IX Qurultoyida tasdiqlangan Saylovoldi dasturining 6-bobida, partiya nomzodi saylangan taqdirda, 2025–2029 yillar davomida ekologiya va atrof-muhitni yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar nazarda tutilgan. Dastur doirasida nafaqat tabiat hodisalari bilan bog‘liq xavf-xatarlar, balki tabiiy ofatlarning oldini olish masalalariga ham e’tibor qaratilgan.

“Partiya aholi hayotiga xavf solayotgan ofatlarning oldini olish, global iqlim o’zgarishlariga qarshi turish, favqulodda vaziyatlarda aholi muhofazasi masalalariga e’tiborni kuchaytirib borish tarafdori sifatida bunday vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan huquqiy jarayonni takomillashtirishda faol ishtirok etadi. Ekologik vaziyatni barqarorlashtirishda «Yashil maydon» umummilliy loyihasi, «Yashil bog‘lar», «Yashil jamoat parklari», «Yashil qalqon» va «Yashil qoplama» himoya o‘rmonzorlarini tashkil etish, o‘rmon maydonlarini ko‘paytirish tashabbuslarini hamda Milliy tabiiy meros obyektlari ro‘yxatini kengaytirib borishni ma’qullaydi. Boshqa tabiiy resurslar qatorida suv resurslarining davlat muhofazasiga olinganligini qo‘llab-quvvatlash barobarida sohaning huquqiy asoslari muntazam takomillashtirib borilishiga hayot zarurati sifatida qaraydi. Bu borada aholining suvdan oqilona foydalanish madaniyatini shakllantirishni dolzarb vazifa, deb biladi”.

Shundan kelib chiqib, mutasaddi tomonidan vaziyatga berilgan munosabat, aholini tanqidiy fikrlashdan chalg‘itish maqsadida aytilgan oddiy manipulyativ xabar deb baholanadi.