Saqich tarkibida kauchuk bormi?

Telegram kanallarda saqichning asosiy tarkibiy qismi neft mahsulotlaridan olinadigan kauchuk ekanligi haqida maʼlumotlar tarqalmoqda. “Ushbu moddalar asab va qon aylanish tizimiga zararli taʼsir ko‘rsatadigan, salomatlik uchun xavfli element bo‘lgan stirolni chiqaradi”, — deyiladi xabarda.

HUKM: YOLG‘ON

Saqichning ko‘plab brendlari mavjud va ularning tarkibi juda o‘xshash. Saqichning tarkibida polimer materiallar aralashmasi, kaltsiy karbonat yoki magniy silikati, aromatizatorlar va bo‘yoqlar bor. Saqich tarkibidagi asosiy polimer poliizobutilendir (PIB). Agar saqich nordon taʼmga ega bo‘lsa, u holda talk ishlatilgan bo‘ladi.

Masalan, mashhur “Orbit” saqichining tarkibiga quyidagilar kiradi: sorbit E420, cho‘ziluvchan asos — poliizobutilen, namlikni saqlaydigan vosita E422, shirin taʼm beruvchi E421, kislotalilik regulyatori kaltsiy laktati (3,9%), aromatizatorlar, soya lesitini emulgatorlari, shirin taʼm beruvchi vositalar: E950, E951, antioksidant E320.

Saqich tarkibida asab tizimiga zararli taʼsir ko‘rsatadigan stirolni chiqaradigan kauchuk mavjud emas.

Ammo shuni yodda tutish kerakki, shakarli saqich chaynash kariesni qo‘zg‘atadi. 

Tarkinida shakar mavjud bo‘lgan saqichni ko‘p chaynash tishdagi karash (nalyot), emal demineralizatsiyasiga olib kelishi va kariesga sabab bo´lishi mumkin. Aksariyat stomatologlar shakarsiz saqichdan foydalanishni tavsiya qiladilar.

Klinik tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, ovqatdan keyin 20 daqiqa davomida shakarsiz saqichni chaynagan insonlarda tishlarning kariesga uchrashi kamaygan. Shakardan farqli o‘laroq, bu shirin taʼm beruvchi vositalar kariesga olib kelmaydi, chunki ular tish kariesiga olib keladigan bakteriyalar tomonidan sekin  yoki umuman metabollanmaydi.

Umuman olganda, shakarsiz saqich chaynash tishlarga ijobiy taʼsir ko’rsatadi, chunki u tish va milklar yuzasidan karash (nalyot) va zararli bakteriyalarni ketkazish orqali kariesni oldini olishga yordam beradi. Ammo shakarsiz saqichni doimiy gigiyenik jarayonlar (tishlarni kuniga ikki marta tarkibida ftor bo‘lgan tish pastasi bilan  tozalash)ning o‘rniga qo‘llab bo‘lmaydi.

Saqichdan qanday qilib to‘g‘ri foydalanish kerak:

Umuman olganda, sog‘lom odamlar saqichdan butunlay voz kechishlari shart emas. Biroq, bir nechta tavsiyalarga amal qilish lozim:

  • saqichni bir vaqtning o‘zida 15-20 daqiqadan va kuniga uch martadan ko‘p bo‘lmagan holda chaynash;
  • tishlarga foydali taʼsir ko‘rsatadigan va tish karashi (nalyoti) bilan kurashishga yordam beradigan shakarsiz, ksilit asosidagi  saqichlarni tanlash maqsadga muvofiq.

Agar siz shakarli saqichni afzal ko‘rsangiz, boshqa manbalardan shakarni isteʼmol qilishni cheklashingiz kerak.