Depressiya butun dunyo bo‘ylab millionlab odamlarga ta’sir qilib kelayotgan jiddiy ruhiy kasallikdir. 280 milliondan ortiq odam depressiyadan aziyat chekadi va hisob-kitoblarga ko‘ra, katta yoshli aholining taxminan 15 foizi hayoti davomida bu holatni boshdan kechiradi. Biroq, depressiya haqida ko‘plab afsonalar mavjud.
“The Recovery Village” depressiya haqida keng tarqalgan afsonalarni to‘pladi va biz ularni sizga taqdim etamiz.
1-afsona: Depressiya kasallik emas
Fakt: Depressiya — bu aniq alomatlar va oqibatlarga ega haqiqiy kasallik.
Depressiya nafaqat vaqtinchalik qayg‘u holati, balki haqiqiy ruhiy kasallikdir. Bu biologik, psixologik, ekologik va ijtimoiy omillarning kombinatsiyasi natijasida yuzaga keladigan ko‘p qirrali holat. Depressiya — bu odamning fikrlari, his-tuyg‘ulari va xatti-harakatlariga ta’sir qiluvchi ruhiy bosilish holati.
Depressiya odamning kundalik faoliyatida sezilarli darajada azob-uqubat va buzilishlarni keltirib chiqaradi. Bu ko‘plab hissiy, ijtimoiy, akademik va kasbiy qiyinchiliklarga olib keladi. Depressiya uzoq muddatli davolanishni talab qilishi mumkin va uni yengish har doim ham oson bo‘lmaydi.
2-afsona: Depressiya faqat ayollarda uchraydi
Fakt: Depressiya erkaklarda ham, ayollarda ham bo‘ladi.
Depressiyadan faqat ayollar aziyat chekadi, degan fikr noto‘g‘ri. Erkaklar ijtimoiy bosim tufayli buni tan olishga kamroq moyil bo‘lishi mumkin. Erkaklar depressiyani boshqacha boshdan kechirishadi hamda ijtimoiy va madaniy umidlar tufayli o‘z his-tuyg‘ularini muhokama qilishga yoki yordam so‘rashga kamroq tayyor bo‘lishi mumkin. Ularda depressiya g‘azab, asabiylashish, tajovuzkorlik va xavfli xatti-harakatlar orqali o‘zini namoyon qilishi mumkin. Shunday qilib, depressiya jins tanlamasligini va uning namoyon bo‘lishi har xil bo‘lishi mumkinligini anglash muhimdir.
3-afsona: Depressiya faqat travmatik hodisalardan so‘ng paydo bo‘ladi
Fakt: Depressiya turli sabablarga ko‘ra yuzaga kelishi mumkin va har doim ham travmatik hodisalar bilan bog‘liq bo‘lavermaydi.
Depressiyaning aniq sababi noma’lumligicha qolmoqda, ammo u ko‘pincha biologik, genetik va ekologik omillarning kombinatsiyasi bilan bog‘liq. Travmatik hodisalar depressiyaga olib kelishi mumkin bo‘lsa-da, ular yagona xavf omili emas. Depressiya aniq sabablarsiz, hatto tashqaridan hammasi xotirjamdek ko‘rinadigan sharoitlarda ham paydo bo‘lishi mumkin. Shuni ham ta’kidlash kerakki, travmatik hodisalar kasallikdan aziyat chekayotgan odamlarda depressiya alomatlarini kuchaytirishi mumkin.
4-afsona: Depressiya o‘z-o‘zidan o‘tib ketadi
Fakt: Depressiya belgilari kamdan-kam hollarda professional davolanishsiz yo‘qoladi.
Depressiya alomatlarini yo‘q qilish uchun davolanish kerak, u juda kamdan-kam hollarda aralashuvsiz o‘z-o‘zidan o‘tib ketishi mumkin. Yetarli davolanmasa, depressiya oylab, hatto yillab davom etishi va ba’zi hollarda o‘z-o‘ziga zarar etkazish yoki hatto o‘z joniga qasd qilishga olib kelishi mumkin.
Depressiyani samarali davolash insonning kundalik normal faoliyatiga qaytishiga imkon yaratadi. Shuningdek, bunday davo stress va vahimani boshqarish ko‘nikmalarini rivojlantiradi. Depressiyani davolash jarayonida malakali mutaxassislarga murojaat qilish muhim.
5-afsona: Depressiya zaiflik belgisidir
Fakt: Depressiyaning inson xarakteriga hech qanday aloqasi yo‘q.
Depressiya — xarakterdagi nuqson emas, balki kimyoviy muvozanat buzilishi tufayli yuzaga keladigan ruhiy salomatlik holati. Inson depressiyaga tushishni o‘zi tanlamaydi. Depressiya faqat jamiyat tomonidan qo‘yilgan stigma tufayli zaiflik sifatida ko‘riladi va insonning aqliy, hissiy yoki jismoniy kuchiga hech qanday aloqasi yo‘q.