Factcheck.kz nashri sun’iy intellekt haqida eng keng tarqalgan 3 ta mifni bir maqolaga jamladi. Sun’iy intellekt haqidagi yangiliklar — yutuqlar, muvaffaqiyatsizliklar va xavflar — har kuni paydo bo‘ladi. Keng omma tomonidan to‘liq tushunilmagan har qanday yangi hodisa singari sun’iy intellekt ham ko‘pchilikda tashvish va ishonchsizlikni keltirib chiqaradi.
1-mif: sun’iy intellekt ommaviy ishsizlikka olib keladi
AI ning keng qo‘llanilishi natijasida paydo bo‘lgan asosiy qo‘rquvlardan biri ishsizlik bilan bog‘liq. Kopirayterlar, bank xodimlari, qo‘ng‘iroqlarni qabul qiluvchi markazlar xodimlari, yozuvchilar, o‘qituvchilar va boshqa ko‘plab kasblar vakillari neyron tarmoqlar ularning ishlarini olib qo‘yishidan qo‘rqishadi. HR-tahlilchilar esa AI, albatta, mehnat bozoriga ta’sir qilishini tasdiqlaydilar, ammo bir jihati bor.
Mehnat bozori statistikasi asosiy jarayonlarda sun’iy intellekt aralashuvini joriy etgan kompaniyalarda ish o‘rinlari soni kamaygani emas, balki ortganini ko‘rsatmoqda. Columbia Business School tadqiqoti natijalariga ko´ra, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanadigan kompaniyalar konservativ raqobatchilarga qaraganda 15% ko‘proq foyda olishadi. Qo‘shimcha daromadlar keyinchalik biznesni kengaytirishga va shuning ortidan yangi ish o‘rinlari yaratishga sarflanadi.
Jahon Iqtisodiy Forumining 2018–2022-yillarga mo‘ljallangan hisob-kitoblariga ko‘ra, sun’iy intellektning joriy etilishi 75 million kishini “yo‘q qilishi” va bir vaqtning o‘zida qo‘shimcha 133 million ish o‘rni yaratishi kutilgan. Asosan, texnologiyalar odatiy vazifalarni o‘z zimmasiga oldi: ma’lumotlarni kiritish, saralash va monitoring qilish, hisob-kitoblar, tahlil va birlamchi diagnostika.
Maxsus ko‘nikma va malaka talab qilmaydigan vazifalar, jumladan, ijodiy (masalan, oddiy illyustratsiyalar va videolar yaratish, asosiy kopirayterlik) ham sun’iy intellektga topshirilishi mumkin. Biroq dasturlar so‘rovsiz ishlay olmaydi va natija to‘g‘ridan-to‘g‘ri ushbu so‘rov qanchalik aniq tuzilganiga bog‘liq. Shu sababli, har bir elektron buxgalter, omborchi, kopirayter, illyustrator va videografga boshqa narsalar qatori mavzuni tushunadigan va bajarilgan ish sifatini nazorat qila oladigan o‘z operatori kerak bo‘ladi.
IT, ma’lumotlar tahlili, dasturlash, mashinalarni o‘rganish, dasturiy ta’minotni ishlab chiqish va boshqalar bo‘yicha mutaxassislarga ehtiyoj tabiiy ravishda ortadi. Shu bilan birga, “insoniy” fazilatlarni tushunish va ulardan foydalanishni talab qiladigan kasblarga talab ham ortadi. Bu, birinchi navbatda, mijozlarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mutaxassislar, PR-menejerlar, marketologlar, HR-mutaxassislar va yordamchi kasblar bo‘yicha ishchilarga tegishli.
Mehnat bozorining kelajagi haqida hanuz xavotirda bo‘lganlar uchun MIT tadqiqotchilari eslatib o‘tganidek, bundan 80 yil oldin hozirgi zamonaviy kasblarning 60% shunchaki mavjud emas edi, shaxsiy kompyuterlar va Internet kabi texnologiyalarning joriy etilishi aholining ommaviy ishsizligiga yoki qashshoqlashuviga olib kelmadi. Yangi texnologiyalar bizdan doimiy talab qiladigan yagona narsa bu muntazam o‘qitish va ko‘nikmalarni oshirish, shu jumladan, sun’iy intellekt bilan o‘zaro aloqada bo‘lishdir.
2-mif: dasturlar odamlardan ko‘ra aqlliroq bo‘lib qoldi
Bir kun kelib, kompyuterlar odamlardan ko‘ra aqlli bo‘lib, nazoratdan chiqib ketadi — bu ommaviy axborot vositalari ishtiyoq bilan taxmin qiladigan yana bir mashhur qo‘rquv (1, 2, 3, 4). Uning zamirida noma’lumlik qo‘rquvi yotadi: OAV tinmay takrorlayotganidek, hatto ishlab chiquvchilarning o‘zlari ham yaratgan dasturlari ma’lumotlarni qanday qayta ishlashini har doim ham aniq tushunavermaydi. Ammo har bir foydalanuvchi sun’iy intellekt avvallari faqat inson ongi bilan amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan vazifalarni udallayotganini kuzatishi mumkin: kompyuterlar viktorinada qatnashishi (va g‘alaba qozonishi), rasmlar yaratishi, she’rlar va ilmiy maqolalar yozishi va suhbatni davom ettirishi mumkin. Ko‘rinishidan, biroz vaqt o‘tgach, sun’iy intellekt inson ishtirokisiz ham atrofdagi voqea-jarayonlardan xabardor bo‘lib, mustaqil rivojlanadi.
Darhaqiqat, sun’iy intellektning rivojlanish darajasi biz aql-idrok deganda tushunadigan darajadan juda uzoqdir. Neyron tarmoqlar hozir taklif qilishi mumkin bo‘lgan yagona narsa yuqorida sanab o‘tilganlar kabi yuqori ixtisoslashgan muammolarni hal qilishdir. Bu shuni anglatadiki, hozirda hech bir sun’iy intellekt o‘z ixtisosligini mustaqil ravishda o‘zgartira olmaydi va allaqachon to‘plangan tajriba va kengroq kontekstga asoslangan yangi ko‘nikmalarni o‘rgana olmaydi. AI’ning samaradorligi va qobiliyat darajasi butunlayligicha uni dasturlashtirgan odamlarga bog‘liq. U dasturlar o‘rganishga qodir, lekin faqat unga kiritilgan algoritm va ishlab chiquvchilar taqdim etgan ma’lumotlar doirasidagina buni amalga oshira oladi.
Sun’iy intellektning cheklangan imkoniyatlariga yorqin misol Internetga ulanmasdan savollarga bir zumda javob topa oladigan sun’iy intellekt — IBM Watson loyihasi bo‘ldi. 2011-yilda IBM Watson “Jeopardy!” viktorina o‘yinida ikkita professional o‘yinchini mag‘lub etdi. Biroq ishlab chiquvchilarning tibbiyotda diagnostika uchun Watsondan foydalanishga urinishlari butunlay muvaffaqiyatsizlikka uchradi, ya’ni ba’zi hollarda dastur odamlarga nisbatan 50%dan kam hollarda to’g’ri tashxis qo‘ydi.
Mutaxassislarning fikricha, IBM Watsonning tibbiyotdagi muvaffaqiyatsizligiga bir qancha omillar sabab bo‘lgan: dastur o‘qitilgan tibbiy ma’lumotlarning hajmi va sifati yetarli emasligi, shuningdek, sun’iy intellekt kengroq kontekstni hisobga olishi va turli formatlarda taqdim etilgan ma’lumotlarni tahlil qila olmasligi shular jumlasidandir. Biroq bu AI’ning tibbiyotda o‘rni yo‘q ekanligini anglatmaydi. Sun’iy intellektdan shifoxonalarni diagnostika va tahlil qilish hamda boshqarish uchun qo‘shimcha vosita sifatida foydalanish mumkin, bu esa shifokorlar va klinikalar ma’murlarining ishini osonlashtiradi. Ya’ni AI’dan shifokorning ish jarayonida qo‘shimcha tarzda foydalanish mumkin, lekin ularning o‘rniga emas.
Sun’iy intellekt, albatta, ma’lumotlarni qayta ishlash va hisoblash tezligi bo‘yicha odamlardan ustundir. Biroq bu energiya samaradorligi va universallik jihatidan inson miyasi bilan samarali raqobatlashish uchun yetarli emas. Hozirgi vaqtda mavjud bo‘lgan barcha sun’iy intellekt modellari zaif yoki tor doirali AI deb ataladigan AI’ga tegishli va faqat o‘zlari uchun yaratilgan vazifalarni muvaffaqiyatli bajarishga qodir. Kuchli sun’iy intellekt — bu inson ongiga teng bo‘lgan sun’iy intellekt bo‘lib, u atrofidagi dunyoni va undagi o‘zini anglay oladi, mustaqil ravishda maqsadlar qo‘yadi va ularga erishish yo‘llarini izlaydi va, oxir-oqibat, she’r yozishdan boshlab, samolyotni boshqarishgacha har qanday muammoni hal qila oladi. Bugungi kunda kuchli sun’iy intellektni rivojlantirishga katta miqdorda mablag‘ sarflanmoqda, ammo texnologiyalar qachon bu darajaga yaqinlashadi va bundan tashqari, buning prinsipial jihatdan imkoni bor yoki yo‘qligini hech kim aniq ayta olmaydi.
3-mif: sun’iy intellekt xizmatlari inson tilini tushunadi
Yangi avlod chatbotlari nafaqat standartlashtirilgan savollarga javob bera oladi, balki to‘laqonli suhbatni simulyatsiya qiladi va deyarli har qanday janrdagi matnlarni yaratishga qodir. Biroq bu sun’iy intellekt til imkoniyatlariga egalik qiladi yoki uni odam kabi tushunadi degani emas.
Til atrofimizdagi dunyoni tasvirlash va tushunish vositasi bo‘lib, insonning o‘zi uning bir qismidir. Atrofdagi dunyo bilan o‘zaro munosabatda bo‘lishning jismoniy va hissiy tajribasisiz tilni bilish mumkin emas. Misol uchun, biz “G‘isht shisha kabi yog‘ochdan yasalgan, qum ustida suzib yuradi” jumlasi barcha grammatika qoidalariga rioya qilingan holda tuzilgan bo‘lsa-da, ma’noga ega emasligini tushunamiz: bizning tajribamiz va narsalarning sifatlari haqidagi bilimlarimiz bu jumlani haqiqat sifatida qabul qilishga yo‘l qo‘ymaydi. Shuningdek, masalan, biz mana bu savolga osongina javob berishimiz mumkin: “Kitoblarni qayerda o‘qish qulayroq: to‘shakda yoki javonda?”, lekin ChatGTP-3 uchun bu savol unchalik aniq emas:

Shuningdek, dunyo haqidagi tajriba va bilim odamlarga jumladagi barcha so‘zlarning umumiy ma’nolaridan tashqariga chiqadigan iboraning konteksti va ma’nosini tushunishga imkon beradi.
Ayni paytda eng ilg‘or chatbotlar ham oddiygina kompyuter dasturlari bo‘lib, ular maxsus algoritm tufayligina keyingi so‘zni taxmin qilishlari mumkin. Ishlab chiquvchilar doimiy ravishda ushbu dasturlarni takomillashtirish ustida ishlamoqdalar, ular foydalanuvchilarning so‘rovlari asosida o‘z ma’lumotlarini yangilaydilar. Yodda tutish kerakki, bu AI suhbat ma’nosini to‘g‘ri anglashini anglatmaydi. U ma’lumotni yanada murakkabroq usulda qidirish va tanlashni o‘rganadi xolos.
Manbaga havola: factcheck.kz/mify/mify-ob-iskusstvennom-intellekte/