Jizzaxda elektromobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildimi?

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 10-yanvar kuni sanoatni rivojlantirish va qo‘shimcha zaxiralarni aniqlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi. Xususan, davlat rahbari investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratovga 2023-yil 1-sentabrgacha Jizzax viloyatida xorijiy investorlarni jalb qilgan holda elektromobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdi.

Faktchecknet.uz tahririyati Prezidentning Jizzaxda elektromobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshirig‘i bajarilganligini tekshirishga qaror qildi.

HUKM: BAJARILMAGAN

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 26-sentabr kuni “BYD” kompaniyasi asoschisi va prezidenti Van Chuanfu bilan Xitoy kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirishning amaliy jihatlarini muhokama qildi. Tomonlar Jizzax viloyatida gibrid va elektromobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar va kelgusi bosqichlarda quvvatni yiliga 300 mingta avtogacha oshirish istiqbollari belgilandi.

Shu kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Xitoyning BYD konglomerati bilan investitsiya bitimini imzoladi. Hujjatga ko‘ra, “O‘zavtosanoat” va “BYD Auto” O‘zbekistonda elektromobillar va gibrid avtomobillar ishlab chiqaradigan “BYD Uzbekistan Factory” qo‘shma korxonasini tashkil etadi. Investitsiya loyihasining dastlabki bosqichlarida rejalashtirilgan ishlab chiqarish hajmi 50 mingta elektromobilni tashkil etadi, uchinchi bosqich yakunlanishi bilan esa ishlab chiqarish ko‘rsatkichi 300 mingtaga yetkaziladi.

Bundan tashqari, “BYD Uzbekistan Factory” Xitoy kompaniyasining XXRdan tashqaridagi birinchi qo‘shma korxonasi bo‘lishi ta’kidlangan.

Shunday qilib, Prezidentning topshirig‘i bajarilmagan deb aytish mumkin. Birinchidan, davlat rahbari 1-sentabrgacha elektromobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish haqida topshiriq berdi, kelajakda ularni ishlab chiqarish bo‘yicha bitim tuzishni emas. 

Ikkinchidan, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Xitoyning BYD avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyasi bilan faqat 26-sentabr kuni kelishuvga erishdi, bu esa belgilangan muddatga muvofiq emas. 

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev mazkur loyihani amalga oshirish uchun xorijiy investorlarni jalb etish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabarida taʼkidlanishicha, Xitoyning BYD kompaniyasi uchun Oʻzbekistondagi loyiha Xitoydan tashqaridagi birinchi investitsiya loyihasidir.