2023 yil iyul oyida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi rasmiy sahifasida “Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari xalqaro ilmiy ko‘rik-tanlovda g‘olib bo‘ldi” sarlavhali xabar e’lon qilindi. Xabarga ko‘ra, vazirlik xodimlari “Best publication” va “Scientific academy” ilmiy tadqiqotlar markazining “Ta’lim sohasidagi xizmatlari uchun” va “O‘z kasbining fidoyisi” esdalik nishoni hamda qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
Factcheknet jamoasi ushbu tanlovlar haqida ma’lumot to’plash va tashkilotchilar kim ekanini aniqlash maqsadida izlanish o’tkazdi.
Orginfo.uz sayti ma’lumotlariga ko’ra, tashkilotchilardan biri «Best publication» faoliyati rasman tugatilgan bo’lib, my.gov.uz ning rasmiy ma’lumotlari buni tasdiqladi.
Shu sababli mazkur xabarda keltirilgan, hujjat bo’yicha faoliyati tugatilgan, biroq hanuzgacha ko’rik-tanlovlar tashkillashtirishda davom etayotgan “Best Publication” ilmiy tadqiqotlar markazi faoliyatini tekshirib ko‘rishga qaror qildik. Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, “Best Publication” mas’uliyati cheklangan jamiyati 2020-yilning 5-oktyabr sanasida Farg‘ona viloyatida ro‘yxatga olingan. Ustav fondi 1 million so‘mni tashkil qilgan korxonaning faoliyati tugatilgan.

Biz bilan telefon orqali muloqot qilgan MChJ rahbariga ko‘ra, tashkilot faqat yoz oylarida vaqtinchalik faoliyatini to‘xtatgan bo‘lib, hozirda faoliyatini davom ettiryapti. Lekin hujjatlar bu so‘zlarni tasdiqlamaydi. N. Xasanov savollarga javob berar ekan, “Biror kishi biz haqimizda shikoyat qildimi?” — deya qo‘shib qo‘ydi. Shuningdek, “Best Publication” jurnallar va davriy nashrlar nashr qilish faoliyati bilan shug‘ullanish uchun litsenziya olgan bo‘lishiga qaramay (garchi litsenziya hozirda bekor qilingan bo‘lsa ham), tashkilot amalda hech qanday jurnal yoki davriy nashr taqdim qilmagan, bundan tashqari, u turli nuqtalarda o‘zini “ilmiy-tadqiqot markazi” deya malakalaydi.

“Ziyoli Pedagoglar” telegram kanali “Best Publication”ning doimiy hamkori bo‘lib, tashkilot tomonidan tashkil etilgan “ko‘rik-tanlovlar” haqida doimiy ma’lumot ulashib borgan. Bu tanlovlar orasida “O‘z kasbining fidoyisi” xalqaro ilmiy-amaliy ko‘rik-tanlovi, “Ta’limdagi muvaffaqiyatlari uchun” xalqaro ilmiy-amaliy ko‘rik-tanlovi, “Ta’lim iftixori” xalqaro ilmiy-amaliy ko‘rik-tanlovi kabilar mavjud. Qiziq jihati, ularning barchasi “xalqaro” deya ta’riflanganligiga qaramay, bir nechta kichik Telegram guruh va kanallar, sovrindorlarning shaxsiy sahifalaridan tashqari hech qayerda bu tanlovlar haqida ma’lumot uchramaydi.

Yuqoridagi ekran tasviri orqali esa bir nechta tashkilotlar birlashmasi bu kabi ko‘krak nishoni va sertifikatlarni ochiqchasiga pullayotganlarini ko‘rish mumkin. E’lonlarning ayrimlarida “sertifikat va sovg‘alar 5 kun ichida pochta orqali yuboriladi” iborasi ochiqcha ko‘rsatiladi.
MDH miqyosida tashkillashtirilayotgan tanlov ishtirokchisiga bunday va’da berilishi esa shubha uyg‘otmay qolmaydi. Lekin negadir “ishtirochilar” ketma-ket ko‘krak nishonlarini sotib olishda davom etmoqdalar.

Bunday “sovrindor”lar qatorida maktab direktorlari, vazirlik xodimlari va hatto professor o‘qituvchilar ham bor.

“Best Publication”ning doimiy hamkori “Scientific Publication” rahbari turli bahonalar bilan savollarimizga javob berishdan bosh torta turib, “savollaringizga sherigim javob beradi”, deya bir necha bor ta’kidladi. Ikki tuzilma hamkorligida tashkil etilayotgan ko‘rik-tanlovlarning sovrinlari dizaynida davlat razmlari tasviridan foydalanish qoidalari ham buzilgan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, tashakkurnoma va sertifikat kabilarda aks etgan QR-kodlarning mutlaqo hech biri ishlamaydi.

Tashkilotchilar har galgi “ko‘rik-tanlovlar”da 300 dan ortiq kishini taqdirlab kelgan.
“Ta’lim sohasidagi xizmatlari uchun” ilmiy-amaliy ko‘rik-tanlovida esa 600 dan ortiq kishi g‘olib deb topilgan. Ma’lumot o‘rnida, ushbu tanlovda ishtirok etish to‘lovi 750 ming so’m deb ko‘rsatilgan. Bu birgina mazkur ko’rik tanlovning o’zi uchun tashkilotchilar g’olib bo’lganlardan 492 million so’m miqdorida to’lov olganligini anglatadi. Bu summa minglab soxta tadqiqotchi-yu olimlarga ko‘krak nishonini pullayotgan tashkilotchilar ham, o‘z yutug‘i bilan maqtanayotgan ishtirokchilar ham xursandligini tushunib olish uchun yetarli bo‘ladi.
Facebook tarmog‘ida “Best Publication” kalit so‘zi bilan berilgan qidiruv natijalaridan ko‘rinadiki, faoliyati noqonuniy bu tuzilmalarning “xaridor”lari chakana odamlar emas.


Ular orasida prezident maktabi o‘quvchisi, markaz boshlig‘i o‘rinbosari, universitet bo‘lim boshlig‘i kabilar bor.
Ma’lumot uchun, psixoterapevt Azizbek Boltayev Facebook’dagi sahifasida mavzumizga mazmunan o‘xshash bo‘lgan soxta ilmiy nashrlar masalasini ancha vaqtdan buyon ko‘tarib keladi.