“Tashkent Global Forum” spikeri tovlamachi bo´lgan: rost yoki yolg’on?

Ijtimoiy tarmoqlarda 2022 yilda Oʻzbekiston poytaxtida tashkil etilgan “Tashkent Global Forum” spikerlaridan biri ilgari tovlamachilik uchun javobgarlikka tortilgani haqida xabarlar aylanmoqda. 

Factchecknet ushbu ma’lumotni tekshirib ko‘rdi.

HUKM: HAQIQAT

O´tgan yil oktyabr oyida “Humo Arena” muz saroyida “Tashkent Global Forum – 2022” Xalqaro biznes-forumi bo‘lib o‘tgan edi. Ushbu forumda turli kompaniyalarning ta’sischilari va menejerlari ishtirok etishi ko‘zga tutilgan bo‘lib, tadbirning asosiy ma’ruzachilari qatorida amerikalik xalqaro savdo bo‘yicha ekspert (The Wolf of Wall Street) deb ta’riflangan Jordan Belfort, 30 yillik tajribaga ega rossiyalik xalqaro marketolog Igor Mannlar sanab o‘tilgan.

“Jordan Belfort hibsga olindi” kabi kalit so‘zlar orqali qidiruv o‘tgan asr oxirlarida moliyaviy jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilgan biznes eksperti haqida bir qancha ma’lumotlarni aks ettiradi. 

1998-yil sentyabr oyida Jordan Belfort FQB tomonidan pul yuvish va qimmatli qog‘ozlar bilan bog‘liq firibgarlikda ayblanib hibsga olingan va umrining 22 oyini qamoqda o‘tkazgan. Bu haqida uning 2007-yilda chop etilgan “Uoll-strit bo‘risi” avtobiografiyasida ham o‘qish mumkin. Shuningdek, bugungi kundagi xalqaro biznes motivatorining hayoti haqida hikoya qiluvchi “Uoll-strit bo‘risi” filmi ham suratga olingan.
Shuningdek, Jordan Belfort “Stratton Oakmont” nomli brokerlik uyiga asos solgan bo‘lib (1996-yilda yopilgan), o‘zining so‘zlariga ko‘ra, brokerlik uyi faoliyatining cho‘qqisida u “bir kunda taxminan chorak million dollar, soatiga 30 ming AQSH dollari, daqiqasiga 5 ming dollar” ishlab topgan. “Bu faqat mening biznesim emas edi, biz bilan yiliga million dollar ishlab topadigan yigitlar bor edi”, — deydi u.