“The Fix” nashri jurnalisti Priyal Shah Sun’iy intellektga asoslangan va feyklarni aniqlashga yordam beradigan loyihalar, platformalar va instrumentlar haqida yozadi. Factchecknet jamoasi faktcheking bilan shug‘ullanadigan yoki sohaga endi kirib kelayotgan faktchekerlar va jurnalistlar uchun maqolani tarjima qilib ulashadi va uning amaliy jihatdan foydali bo‘lishiga umid bildiradi.
Noto‘g‘ri ma’lumotlarni aniqlay va farqlay olish bugungi kunda jurnalistlar uchun eng muhim qobiliyatlardan biridir. Shuningdek, katta hajmdagi feyklarni faqat inson omili bilan kuzatish va tekshirish imkonsiz. Sun’iy intellektga asoslangan vositalar bu masalada bizga yordam beradi.
Bergen universitetining faktlarni tekshirish va jurnalistikada sun’iy intellektdan foydalanishni o‘rganishga ixtisoslashgan tadqiqotchisi Lorens Dirikksning so‘zlariga ko‘ra, faktlarni tekshirishning ko‘p vaqt talab qiluvchi jarayonini tezlashtirish maqsadida sun’iy intellektni qo‘llaydigan bir qancha loyihalar amalga oshirilmoqda.
“The Fix” jurnalistlar va faktchekerlarga no‘g‘ri ma’lumotlarni aniqlash va fosh etishga yordam beradigan vositalar haqida axborot to‘pladi. Ushbu vositalar to‘rt toifaga ajratilgan: matn, rasmlar, videolarni tekshirish va bot faoliyatini aniqlash uchun.
Sun’iy intellektga asoslangan matnni tekshirish vositalari
Exorde — Internetda kontentning tarqalishi va ommabopligini tahlil qiluvchi global axborotni qayta ishlash platformasi. U qanday ishlaydi? Exorde matn shaklidagi kontentning URL manzilini oladi, so‘ngra uni tahlil qilib, matnning ohangini va butun dunyodagi odamlarning unga munosabatini baholaydi. Yakuniy qadam sifatida Exorde ushbu ma’lumotni hamma uchun ochiq shaklda arxivlaydi.
FactCheck.org — Pensilvaniya universiteti qoshidagi Annenberg davlat siyosati markazi loyihasi. Markaz mahalliy, shtat va federal darajadagi siyosatchilarning bayonotlarini ko‘rib chiqadi. Siyosat va fanga tegishli da’volarni tekshiradi. Ask FactCheck va Ask SciCheck vositalari jurnalistlarga resurs guruhi tomonidan o‘tkazilgan ma’lumotlarni tekshirish natijalarini olish imkonini beradi.
Factiverse — bu jurnalistlar faktlarni tekshirish jarayonini tezlashtirish uchun foydalanishi mumkin bo‘lgan AI loyihasi. Loyiha Stavanger universitetida olib borilgan tadqiqotlarga asoslangan boʻlib, kontentda notoʻgʻri maʼlumot topadigan va ishonchli resurslarni taklif qiluvchi sunʼiy intellekt muharriri (AI Editor), faktlarni tekshirish maʼlumotlar bazasi (FactiSearch) va tegishli kontekstni topishga yordam beruvchi, jargon va professional atamalarni tushuntiruvchi vositani (Microfacts) oʻz ichiga oladi.
ClaimReview Google bilan hamkorlikda yaratilgan tizim bo‘lib, u faktlarni tekshirishni o‘z ichiga olgan faktchek kontentni belgilash imkonini beradi. Ushbu tizim faktchek materiallarni topishga va ularni qidiruv tizimlari va ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ib qilishga yordam beradi. U maʼlumotlarning to‘g‘riligini tasdiqlovchi faktlarni tekshirish natijalari haqidagi maʼlumotlarni o‘z ichiga olgan kontentga teglar qo‘shadi.
Sun’iy intellektga asoslangan tasvirni tekshirish vositalari
Dirikks tadqiqotlari shuni ko‘rsatdiki, ko‘plab faktlarni tekshiruvchilar neyron tarmoqlarning audiovizual kontent yaratish imkoniyatlarini yetarli baholamaydilar. Juda ishonchli teskari qidiruv vositasi ham AI tomonidan yaratilgan kontent bilan ishlanganda qoniqarli natijalar bermaydi. “Sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan tasvir va videolarning sifati yaxshilanmoqda va ularni tekshirish tobora qiyinlashmoqda”, — deydi u.
Quyida jurnalistlar faktchekingda foydalanishi mumkin bo‘lgan ayrim vositalar sanalgan.
EXIFni tekshirish vositalari
Almashtiriladigan tasvir fayli (exchangeable image file — EXIF) barcha raqamli tasvirlarga hamroh boʻlgan standart formatdir. EXIFʼda tasvir haqidagi maʼlumotlar mavjud: uning ISOʼsi, tasvir tezligi va ekspozitsiyasi, surat olingan sana va joy. Asl suratga kiritilgan har qanday oʻzgarishlar uning metadatasida qayd etiladi. Fotosuratlarning EXIF kodlarini tekshirish suratga ishlov berilgan yoki berilmaganligini aniqlashda foydalidir. EXIF Data Viewer va Metadata2go onlayn resurslari sizga tasvirlarning EXIFʼini koʻrish imkonini beradi. Shuningdek, xuddi shu maqsadda ExifTool by Phil Harvey kompyuter dasturidan ham foydalanish mumkin.
TinEye tasvirlarni tekshirishning yana bir vositasidir. U jurnalistlarga suratlarning dublikatlarini topish, tasvir qayerda ilgariroq paydo boʻlganligini tekshirish va teskari qidiruv texnologiyalaridan foydalanishda yordam beradi.
Sun’iy intellektga asoslangan videoni tekshirish vositalari
WeVerify verifikatsiyani tekshirish plagini
InVID-WeVerify tekshirish plaginining soʻnggi versiyasi vizual kontentni tekshirish uchun turli vositalardan foydalanish imkonini beradi. Ular tasvir tarkibini tahlil qilish, undagi optik belgilarni aniqlash va kontentni maʼlum soxta maʼlumotlar bazasi bilan solishtirish qobiliyatiga ega.
The Glorious ContextuBot | Shared Nation
Glorious ContextuBot — bu audio fayllarning asl manbasini aniqlashga yordam beradigan vosita. “Barmoq izi texnologiyasi” nafaqat ovozli yozuvning asl manbasini, balki u bilan bogʻliq kontekstni ham topishga yordam beradi. U, shuningdek, audio fayl qayerda ishlatilganligini aniqlashda qoʻl keladi.
Truepic jurnalistlarga vizual kontentning haqiqiyligini tekshirish imkonini beradi. Truepic Display har qanday media faylning manbasi va tarixi haqidagi maʼlumotlarni, Truepic Lens esa har qanday faylning metamaʼlumotlarini topadi.
Amnesty International tomonidan yaratilgan YouTube DataViewer vositasi YouTube’da joylashtirilgan har qanday videodan metama’lumotlarni olishga yordam beradi. Shuningdek, u foydalanuvchilarga videolarning eskizlarini topish va teskari tasvirlarni qidirish imkonini beradi.
Bot faoliyatini tekshirish uchun Sunʼiy intellekt vositalari
Botometer Indiana universitetidagi Ijtimoiy Media Observatoriyasi (OSoMe) tomonidan yaratilgan loyihadir. Ushbu vosita Twitter akkauntlariga ball beradi: 0 ball inson hisobini, 5 ball esa bot hisobini bildiradi. U, shuningdek, bot turlarini toifalarga ajratadi: exo-kamera, soxta follover, moliyaviy bot, spam tarqatuvchi va boshqalar.
“Hoaxy” odamlar tomonidan yaratilgan oddiy saytlarda notoʻgʻri ma’lumotlarning tarqalishini kuzatib boradi. Ushbu vosita jurnalistlarga virtual olamdagi maqolalar yoʻlini kuzatishda yordam beradi. Shuningdek, u ushbu maqolalarni tarqatishda botlar yoki avtomatlashtirishning ishtiroki ehtimolini baholaydi.
Bonus: yana beshta vosita
MBFC faktlarni va yangiliklar veb-saytlarini tekshirish uchun manbadir. U veb-saytlar va ommaviy axborot vositalarini ularning tarafkashlik darajasi, siyosiy mansubligi va ular tekshiradigan ma’lumotlarning ishonchliligiga qarab baholaydi. U 6300 dan ortiq ommaviy axborot vositalarining ishonchliligi va tasdiqlangan ma’lumotlarni taqdim etish qobiliyati haqida batafsil hisobotlarni taqdim etadi.
Germaniya Marshall Jamgʻarmasining Demokratiyani ta’minlash Alyansi tomonidan yaratilgan Hamilton 2.0 Rossiya, Xitoy va Eron hukumatlari tomonidan ilgari surilgan ma’lumotlar va narrativlarni aniqlashga ixtisoslashgan. ASD Social Data Search jurnalistlarga bir xil mavzudagi tvitlarni qidirish uchun keng imkoniyatlar beradi.
“The Factual” algoritmi yangiliklarni to‘rtta ko‘rsatkich asosida baholaydi: sayt sifati, mualliflik malakasi, manba sifati va maqola ohangi. Ushbu parametrlarga asoslanib, kontent 1 dan 100% gacha bo‘lgan ball oladi. Bunda 50% va undan yuqori natija olganlar informativ materiallar, 50% dan past natija olganlar esa ishonchli ma’lumot bermaydigan materiallar hisoblanadi.
Climate Feedback — iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq feyklarni fosh qilishga ixtisoslashgan platforma. Undagi tasdiqlangan ma’lumotlar butun dunyo bo‘ylab olimlar tarmog‘i tomonidan taqdim etilgan. Saytda olimlar yangiliklar ulashadilar va Internetda tarqalgan da’volarda aniqlangan noto‘g‘ri ma’lumotlarga tushuntirishlar va sharhlar beradilar.
Tank Classifier — bu jurnalistlar feyklarni fosh qilishda foydalanishi mumkin bo‘lgan Sun’iy intellekt vositasining yana bir yaxshi namunasidir. Dirikksning so‘zlariga ko‘ra, ushbu vosita “faktchekerlarga u yoki bu tank urush paytida qaysi davlatga tegishli bo‘lganini va u qayerda ishlab chiqarilganligini aniqlashga yordam beradi”. Hozircha ushbu instrument faqat 20 turdagi harbiy texnikani tasniflashi mumkin.