Digital-olamda ma’lumotlar tobora ko‘payib bormoqda. Bu ommaviy axborot vositalari uchun ham sinov — o‘zgarib borayotgan voqelikni hisobga olgan holda, tezroq javob qaytarish va harakat qilish kerak.
Dolzarb ma’lumotlar bilan bir qatorda dezinformatsiya va feyk yangiliklar ham mavjud. OAV menejmenti bo‘yicha konsultant Petko Georgiev shubhali ma’lumotlarga ishonib qolmaslik va kelajakda qanday choralar ko‘rish kerakligi haqida gapirib berdi.
Petko Georgiev — Bolgariyadagi “ProMedia” ommaviq axborot vositalarini rivojlantirish markazi direktori, media-konsultant va trener. U jurnalistika sohasida ishlash, raqamli media boshqaruvi, nashriyot platformalari integratsiyasi, loyihalarni boshqarish hamda radioeshittirish va raqamli OAV uchun media menejmenti bo‘yicha maslahat xizmatlarini taqdim etish borasida ko‘p yillik tajribaga ega.
— Internetda yolg‘on ma’lumotlar paydo bo‘lishining sababi nimada deb o‘ylaysiz?
— Agar biz feyklarning paydo bo‘lishi va tarqalishi haqida gapiradigan bo‘lsak, bu zamonaviy dunyodagi barcha jamiyatlarga xos. Bunday tendentsiyalar kommunikatsiya imkoniyatlari, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarning rivojlanishi bilan bog‘liq. Bu turli xil ma’lumotlarni tarqatishning texnologik imkoniyatiga olib keladi. Odamlar uning manbalariga ishonchini yo‘qotmoqda. Ular haqiqatni izlayotgan bo‘lishlari shart emas, balki o‘zlarining tasavvuriga mos keladigan faktlarning ehtimoliy asoslarini izlaydilar.
Shu bilan birga, yolg‘on ma’lumotlarning tarqalishi uchun qulay muhit ham mavjud. Ushbu toifadagi odamlarning o‘z yo‘nalishi, tanqidiy fikrlashga tayyorgarligi yo‘q, shuning uchun ham ular atrofida bo‘layotgan hodisalarni tahlil qila olmaydilar. Ilgari ommaviy axborot vositalari ko‘rinishidagi filtrlar mavjud bo‘lib, ularda yolg‘on ma’lumotlarning chiqib ketishi qiyin edi. Endi esa bu anchayin oson bo‘lib qoldi. Bundan tashqari, ta’lim tizimi tanqidiy fikrlash bo‘yicha tayyorgarlikni ta’minlamaydi. Odamlar televizor yoki ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rgan hamma narsani haqiqat sifatida qabul qilishga tayyor.
— Media savodxonlikni oshirish uchun nima qilish kerak?
— Qisqa muddat ichida feyklarni fosh qilish boʻyicha batafsil ishlarni amalga oshirish zarur. Uzoq muddatda esa tanqidiy fikrlash sohasida ta’lim sifatini oshirish kerak. Ta’limning oʻrni yoshlarni aynan tanqidiy fikrlashga oʻrgatishdadir. Katta yoshli insonlar uchun mas’ul tashkilotlar tomonidan faol kampaniya boʻlishi kerak. Ular aniq javob qaytarishlari va ma’lumotlar maydonida oriyentir olishga yordam berishlari kerak.
Soʻz va fikr erkinligi feyk ma’lumotlarning tarqalishini oqlaydi, degan tendentsiya mavjud. Mening fikrim: yolgʻon nuqtai nazar emas, u yolgʻonligicha qoladi. Unga tezda javob qaytarish kerak.
— O‘zbekistonda dipfeyklar keng tarqalmoqda, firibgarlar sun’iy intellektdan turli sxemalar uchun foydalana boshladi. Sizningcha, bunga qanday qarshi turish mumkin?
— Ular borgan sari koʻpayaveradi va bu faqat boshlanishi. Virtual reallik rivojlanishda davom etadi va yangi texnologiyalar axborotni, jumladan, yolg‘on ma’lumotlarni chop etish jarayonini tezlashtirish imkonini beradi. Bunday usullar samarali, chunki odamlar videolarga ishonishga odatlanib qolishdi.
Shu bilan birga, tanqidiy fikrlaydigan foydalanuvchilar uchun joylashtirilgan soxta video haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi, uning ob’ektiv makondan tashqarida ekanligini tushunish osonroq bo‘ladi. Ularni birinchi navbatda yorqin murojaatlar oshkor qilib qoʻyadi — “eksklyuziv”, “faqat bizda bu haqda bilib olishingiz mumkin”, “bu haqda hech kim gapirmaydi”.
Axborotning ommaviy tarqalishi sharoitida endi eksklyuzivlik boʻlishi mumkin emasligini tushunishimiz kerak. Feyklarni yaratuvchi texnologiyalar bilan bir qatorda ularni fosh qilish vositalari ham rivojlanib boradi. Allaqachon videofayllarni yuklab, sun’iy intellektdan foydalangan holda videoning qanchalik haqiqiy ekanligini yoki unga o‘zgartirishlar kiritilgan-kiritilmaganini bilib olishingiz mumkin bo‘lgan platformalar mavjud.
Albatta, har bir foydalanuvchi buni qilolmaydi, shuning uchun ommaviy axborot vositalari, blogerlar va ijtimoiy faollarga katta rol beriladi. Yana bir masala bor — ijtimoiy platformalarning mas’uliyati. Yevropada ushbu platformalarni tartibga solish usullari ishlab chiqilmoqda. Ular nafaqat bunday ma’lumotlarni tarqatganlar uchun, balki feyk ma’lumotlarni olib tashlamagan platformalar uchun ham javobgarlikni nazarda tutadi.
Firibgarlar har doim tezkorroqdir, ular birinchi bo‘lib imkoniyatlardan foydalanishga ulgurishadi, ammo buning ortidan darhol davlat tomonidan reaktsiya bo‘ladi. Masalan, 90-yillardagi moliyaviy piramidalar tajribasini eslashimiz mumkin. Shundan so‘ng qonunchilik o‘zgartirildi, odamlarda tajriba paydo bo‘ldi, ya’ni sodir bo‘lgan voqealardan keyin ular endi bunday sxemalarga ishonmaydilar. Hozirda moliyaviy piramida 90-yillarda paydo bo‘lgan muvaffaqiyat bilan ish berolmaydi — qonunchilik bunga yo‘l qo‘ymaydi va odamlarda ham endi ishonch yo‘q. Xuddi shu printsipga ko‘ra, feyklarga barcha darajalarda tezroq javob berish kerak.
— Bunday o‘zgaruvchan sharoitda tuzoqqa tushib qolmaslik uchun
jurnalistlar qanday ishlashlari kerak?
– Ommaviy axborot vositalarining soxta ma’lumot tarqatganligi uchun mas’uliyati hammanikidan kattaroqdir. Feyklar yangi narsa emas, hozir texnologik o‘zgarishlar ro‘y bermoqda, asossiz yoki yolg‘on ma’lumotlar esa doimo mavjud bo‘lgan. Ko‘pgina ommaviy axborot vositalarida professional ish sifati talab darajasida emas. Jurnalist mas’uliyat bilan mehnat qilib, professional kontent yaratsa ham, feyk yangiliklardan ko‘ra, uning yangiliklariga bo‘lgan qiziqish yuqori bo‘ladigan tarzda ma’lumotlarni tarqatish imkoni har doim ham mavjud emas.
Bugungi kunda muhim malaka nafaqat material yaratish, balki jiddiy narsalar haqida o‘quvchi yoki tomoshabin e’tiborini jalb qilish uchun qiziqarli tarzda aytib bera olishdir. Ayniqsa, hozir axborot olami dengiz yoki hatto okean kabi ulkan ekan, professional jurnalistika interaktiv formatlarga o‘tishi zarur.