Xavfli mamlakatlar reytingi mavjudmi?

Ijtimoiy tarmoqlarda O´zbekiston xavfli mamlakatlar ro‘yxatida ekanligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Shuningdek, bu reytingga Afg‘oniston, Suriya, Rossiya va boshqa davlatlar ham kiritilgan. Keling, bu qanchalik haqiqat ekanligini tekshirib ko’ramiz.

Telegram-kanallardan birida 2023-yilning eng xavfli davlatlari nomi e’lon qilingani haqida xabar paydo bo‘ldi.

“O‘zbekiston global tinchlik indeksida 163 davlat orasida 86-o‘rinni egalladi. Afg‘oniston esa 163-o‘rinni egalladi”, — deyiladi xabarda.

Factchecknet.uz bu maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshirdi.

HUKM: YOLG’ON

Global Peace Index – Global tinchlik indeksi butun dunyo mamlakatlari tinchligini tavsiflovchi, davlat ichidagi zo’ravonlik darajasini va uning tashqi siyosatining tajovuzkorlik darajasini o’lchaydigan keng qamrovli ko’rsatkichdir. Shunday qilib, bu eng xavfli mamlakatlar reytingi emas, balki uchta yo’nalish bo’yicha 23 sifat va miqdoriy ko’rsatkichlar bo’yicha mamlakatlar taqsimoti:

  • jamoat xavfsizligi va himoyalanish darajasi;
  • davom etayotgan ichki va xalqaro mojarolar darajasi;
  • militarizatsiya darajasi.

Uning 17-chi natijalari 2023 yil iyun oyida e’lon qilindi. Hisobotda ta’kidlanishicha, ketma-ket oltinchi yil Afg‘oniston eng notinch davlat bo‘lsa, undan keyin Yaman, Suriya, Janubiy Sudan va Kongo Demokratik Respublikasi turibdi. O‘zbekiston ushbu reytingda 86-o‘rinni egalladi.

Ranglar shkalasiga ko’ra, bizning mamlakatimiz, ko’pchilik mamlakatlar singari, oltita mumkin bo’lgan o´rta (¨medium¨) darajani ifodalovchi sariq rangda ekanini ko´rish mumkin. Undan so´ng esa notinchlikning yuqoriroq darajasini ko’rsatadigan to’q sariq va eng yuqori darajasi – qizil ranglardagi davlatlarni ko’rish mumkin.