Ijtimoiy tarmoqlarda “Ayollarda va qizlarda ko‘krak saratoni ko‘payib ketmoqda” mazmunidagi xabarlar tarqalmoqda. Unga ko‘ra xotin-qizlarga ushbu tashxis qo‘yilishi soni yildan yilga ortib bormoqda.
Factchecknet.uz bu xabarni tekshirib ko‘rdi.
HUKM: HAQIQAT
Bu mazmundagi xabar 14-noyabr sanasida Respublika ixtisoslashtirilgan Onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining rasmiy telegram kanalida ham ulashilgan.
O‘zbekiston Onkologlar assotsiatsiyasining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ham ayollar orasida ko‘krak bezi saratoni ko‘payayotganligi haqidagi xabarlar uchraydi. Xususan, assotsiatsiyaga ko‘ra, “mamlakatimizda ayollarimizda ko‘krak bezi saratoni tashxisi eng ko‘p qo‘yiladi va eng ko‘p ayollar ko‘krak bezi saratonidan vafot etadi. U qanchalik tez aniqlansa, omon qolish ehtimoli shunchalik yuqori bo‘ladi”.
Turli tarmoqlarda faollar, jurnalist va blogerlar ham ko‘krak bezi saratoni xavfidan ogohlantirib, chellenjlar o‘tkazish orqali xotin-qizlarni o‘z-o‘zini tashxislashga chaqirmoqdalar.

JSSTga ko‘ra, 2020-yilda dunyo bo‘ylab 2,3 million ayolga ko‘krak bezi saratoni tashxisi qo‘yilgan va 685 ming kishi vafot etgan. 2020-yil oxiriga kelib dunyoda so‘nggi 5 yil ichida ko‘krak bezi saratoni tashxisi qo‘yilgan 7,8 million ayol yashayotgan edi. Bu dunyoda eng keng tarqalgan saraton turiga aylandi. Ko‘krak bezi saratoni balog‘at yoshidan keyin har qanday yoshdagi ayollarda uchrashi mumkin, yosh o‘sishi bilan kasallikka chalinish ehtimoli ham ortib boradi.
O‘zbekiston Onkologlar assotsiatsiyasining tavsiyalariga ko‘ra, 18 yoshdan keyin har oy sut bezlarini mustaqil tekshirish kerak, 40 yoshdan so‘ng yiliga bir marta mammolog shifokor nazoratidan o‘tish tavsiya etiladi.