Suvni takror qaynatish saratonga olib keladi: rostmi yoki yolg‘on?

Telegram kanallarida bir martadan ko‘p qaynatilgan suv sog‘liq uchun xavfli ekanligi haqida xabar tarqalmoqda.

“Suvni qayta qaynatish saratonni keltirib chiqaruvchi dioksin (zaharli modda) ajralib chiqishiga olib keladi”, — deyiladi xabarda.

HUKM: YOLG‘ON

Xitoyda o‘tkazilgan tadqiqotlarning birida suvni qayta-qayta va uzoq vaqt qaynatish mineral tuzlar, nitratlar va og‘ir metallar kontsentratsiyasi o‘zgarishiga olib kelishi mumkinligini tekshirishga qaror qilindi.

Tadqiqotchilar ikkita tajriba o‘tkazdilar:

Birinchi tajribada tadqiqotchilar 15 litr suvni qaynatishdi, bu haroratni 3 daqiqa ushlab turishdi va keyin uni sovutishdi. Shundan so‘ng namuna olindi va shu yo‘sinda suv to‘liq qaynab tugaguncha qayta qaynatildi.

Ikkinchi tajribada qaynatish to‘xtamasdan taxminan 6 soat davom etdi va olimlar har 20 daqiqada namuna uchun 500 ml suvni olishdi. Bu suv qaynab tugaguncha davom etdi.

*Tajribalarda foydalanilgan vodoprovod suvi kundalik hayotda bo‘ladiganidan ko‘ra ko‘p marta qaynatilgan va qaynash vaqti ham ancha uzoqroq bo‘lgan.

Tadqiqotchilar suv namunalarini pH, minerallar, nitratlar, og‘ir metallar va mikroorganizmlarni o‘z ichiga olgan 44 mezon asosida baholadilar.

Qaynatish jarayonida umumiy erigan qattiq moddalar, kaliy, magniy, xlor va nitratlar ko‘paydi, ammo bu ko‘rsatkichlarning barchasi, pH dan tashqari, normal chegaralarda qoldi. Balans ishqoriy tomonga ozgina — 8,5 dan 8,9 gacha og‘di.

Markazlashtirilgan xo‘jalik-ichimlik suvi ta’minoti tizimi ishlab chiqaradigan ichimlik suvi sifatiga O‘zbekiston SanPiN talablari bo‘yicha pH ga qo‘yiladigan talablar 6 dan 9 gacha bo‘lgan diapazonni ko‘rsatadi va bu ko‘rsatkich normaga muvofiq.

Bir necha marta qaynatilgan suvni ichish mumkin. Suv qayta qaynatilganida dioksin hosil bo‘lmaydi va organizmga zarar yetkazmaydi.