“Yuqori testosteronli mamlakatlar reytingi”: rost yoki yolg’on?

Ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalayotgan va qizg’in muhokamalarga sabab bo’layotgan xabarlarda aytilishicha, O’zbekiston jahon “testosteron” reytingini taqdim etgan manba jadvallarida birinchi o’rinni egallagan.

Factchecknet.uz ushbu xabarning haqiqatga mos kelishini tekshirib ko’rdi.

HUKM: HAQIQAT
“Testosterone Decline” mustaqil manbasi taqdim etgan reyting natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston, haqiqatan ham, tetrosteron darajasi bo’yicha birinchi o’rinda turibdi.

Shuni ham aytib o‘tish kerakki, manba diskleymeriga ko’ra, www.testosteronedecline.com o‘zi taqdim etgan ma’lumotlarning to’liqligi, ishonchliligi va aniqligi haqida hech qanday kafolat bermaydi. Undagi bayonotlar AQSh Oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi tomonidan baholanmagan va undagi ko‘rsatkichlar har qanday sog‘liq muammosini tashxislash yoki davolash uchun ishlatilmasligi kerak. www.testosteronedecline.com – Amazon Services LLC Associates dasturining ishtirokchisi bo‘lib, reklama va amazon.com saytiga bog‘lanish orqali saytlarga reklama to‘lovlarini olish uchun vositani taqdim etishga mo‘ljallangan reklama dasturi sanaladi.

Ma’lumot uchun, testosteron gormoni jinsiy xohish, ereksiya, eyakulyatsiya va umumiy farovonlik holatlariga bevosita bog’liq sanaladi.

“Testosterone Decline” tahlillariga ko’ra, erkaklarda testosteron gormoni darajasi butun dunyo bo’ylab pasaymoqda: “Testosteron darajasi taxminan 1980-yillarning boshidan buyon pasayib bormoqda. 2012-yilda biz kuzatgan eng yuqori testosteron mintaqasi Chita, Rossiya bo‘lib, u yerda o‘rtacha 34 yoshli erkaklarda testosteron darajasi 1022 ng/dl ni tashkil qilgan. Keyingi eng yuqori raqam Pokistonning Peshovar shahrida. Bu Pokistonning Afg’onistonga yaqin, pushtunlar yashaydigan qismidir. 2016-yilda 18-25 yoshli Peshovardagi erkaklarda testosteron darajasi 1090 ng/dl ni tashkil etgan”. 
Manba, shuningdek, ushbu gormonning pasayishiga olib keladigan omillar haqidagi maqolani e’lon qilgan. Ushbu omillar qatorida, masalan, uyqu sifatining yomonligi mavjud. “Testosterone Decline” kasblar kesimida testosteron darajasining qiyosiy tahlillarini ham taqdim etadi.