2022-yil davlat xaridlari ma’lumotlari asosidagi viloyatlar bo‘yicha tahlil
Yashil energetika — bu atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan, qayta tiklanuvchi manbalardan foydalanish orqali elektr energiyasini ishlab chiqarish jarayoni. Bu soha asosan quyosh, shamol, gidroelektr, bioenergiya va geotermal energiya kabi manbalardan foydalanadi.
O‘zbekiston dunyoning ko‘plab boshqa davlatlari qatori yashil energetikaga jiddiy e’tibor qaratayotganini amalga oshirilayotgan davlat xaridlari orqali ham tushunish mumkin. Bu sohadagi xaridlar har bir hududni qamrab olgan. Quyida oxirgi bir yil davomida O‘zbekitonda quyosh panellari bilan bog’liq davlat xaridlarining narxi, manzili va soni bilan batafsil tanishishingiz mumkin. Xaridlar etender.uzex.uz portalida o‘tkazilgan.
Oxirgi bir yil davomida quyosh panellari bilan bog‘liq jami 423 ta shartnoma imzolangan. Ularning umumiy qiymati 1 trillion 324 milliard 475 million so‘mni tashkil etadi.
Tahlil qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yilning eng faol oylari may, iyun, sentyabr, oktyabr va noyabr bo‘lib, bu oylarda o‘rtacha 45 tadan shartnoma imzolangan va bu umumiy shartnomalar sonining deyarli 30 foizini tashkil etadi. Shuningdek, 2023-yil mart oyida eng yuqori umumiy shartnoma qiymati qayd etilgan bo‘lib, 1,1 trillion so‘mni tashkil qildi.
2022-yil dekabr: umumiy narxi 33,7 milliard so‘m, 22 ta shartnoma.
2023-yil mart: umumiy narxi 1,15 trillion so‘m, 38 ta shartnoma.
2023-yil aprel: umumiy narxi 12,8 milliard so‘m, 30 ta shartnoma.
2023-yil iyun: umumiy narxi 19,2 milliard so‘m, 41 ta shartnoma.
2023-yil iyul: umumiy narxi 14,2 milliard so‘m, 33 ta shartnoma.
Tahlil shuni ko‘rsatdiki, quyosh panellarini sotib olish bo‘yicha davlat xaridlari asosan Toshkent shahrida joylashgan tashkilotlar orasida o‘tkaziladi. Poytaxt quyosh panellarini sotib olish bo‘yicha shartnomalarning soni va qiymati bo‘yicha eng yuqori o‘rinni egallagan. O‘tgan bir yil davomida jami 81 ta shartnoma imzolangan, ularning umumiy qiymati 1234,6 milliard so‘mni tashkil etadi.
Bu xaridlar orasida mahsulotni o‘zining hududiy bo‘linmalari uchun sotib olayotganlar ham bor, ammo ular kamchlikni tashkil etadi.
Buxoro viloyati ham qayta tiklanuvchi energiya resusrlariga o‘tish bo‘yicha muhim qadamlarni tashlamoqda, bu hududda umumiy qiymati 21,7 milliard so‘mga teng 55 ta shartnoma imzolangan.
Qoraqalpog‘istonda bu ko‘rsatkich 16,4 milliard so‘mga teng 75 ta shartnomani tashkil etadi.
Sirdaryo (3 ta shartnoma, 0,3 milliard so‘m), Xorazm (7 ta shartnoma, 1,08 milliard so‘m) va Navoiy (14 ta shartnoma, 1,7 milliard so‘m) kabi hududlarda ushbu sohada kamroq faollik ko‘rsatilgan.
So‘nggi 12 oy ichida quyosh energetikasiga davlat tomonidan tashkil etilgan “Yashil energiya” kompaniyasi ko‘proq sarmoya kiritdi, shartnomalar soni bo‘yicha esa Sanoat Qurilish banki yetakchi bo‘ldi.
2023-yilning boshida O‘zbekistondagi 20 mingdan ortiq davlat idoralari va ijtimoiy (maktab, shifoxona va boshqa) binolarda quyosh panellarini o‘rnatish rejasi e’lon qilingan edi. Bu vazifa aynan “Yashil energiya” kompaniyasiga topshirilgan.
“Yashil energiya” kompaniyasi hozirgacha umumiy qiymati 1,14 trillion so‘m bo‘lgan 4 ta shartnomani imzolagan. 2-o‘rinda esa Sog‘liqni saqlash vazirligi turibdi. Ushbu vazirlik umumiy qiymati 25 milliard so‘m bo‘lgan 3 ta shartnoma tuzgan. Bu ro‘yxatda oliy ta’lim muassasalari ham borligi quvonarli: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti 7 ta shartnoma imzolagan, ularning umumiy narxi 11,4 milliard so‘m. Bank sektorida bu davrda Sanoat qurilish banki yetakchi bo‘ldi. O‘zi umuman bu vaqt oralig‘ida eng ko‘p shartnoma tuzgan tashkilot aynan SQB hisoblanadi (24 ta shatrnoma), ammo ularning umumiy narxi 8,1 milliard so‘mni tashkil qildi.
Quyosh panellari sohasiga nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo e’tibor qaratmoqda. Ya’ni bu holat butun dunyoda kuzatilayotgan ijobiy tendensiya.
Bugungi kunda turli davlatlar o‘z mamlakatlarida ushbu sohani rivojlantirish uchun turlicha miqdorda sarmoya kiritganlar.
AQShda bu soha allaqachon nafaqat alternativ energiya manbai, balki katta biznes turiga aylangan. Misol uchun, 2023-yil holatiga AQShda quyosh energetikasi sohasidagi korxonalarning umumiy daromadi 19,5 milliard dollarga yetdi. Mamlakatdagi quyosh energetikasi bilan bog‘liq 514 ta korxonada 7 minga yaqin xodim faoliyat yuritadi.
Xitoy yashil energetika sohasida dunyo yetakchilaridan biri hisoblanadi. U 2023-yilda quyosh energetikasiga 130 milliard AQSh dollaridan ortiq sarmoya kiritdi.
Yevropa Ittifoqi mamlakatlari ham bu sohaga sezilarli darajada sarmoya kiritishmoqda. Masalan, Germaniya va Ispaniya kabi mamlakatlar quyosh energetikasiga milliardlab dollar miqdorida sarmoya kiritganlar.
Hindiston ham quyosh energetikasi sohasida tez o‘sayotgan bozorlardan biri hisoblanadi va bu sohaga milliardlab dollar sarflaydi.
O‘zbekistonning ushbu sohaga qaratgan e’tibori faqat milliy darajada emas, balki xalqaro hamkorlik doirasida ham sezilarlidir. Masalan, Jahon Banki 2023-yilda “Scaling Solar 2 Project” doirasida 440 MWt quvvatga ega bo‘lgan quyosh elektr stansiyalarini qurish uchun 12 million dollar miqdorida moliyaviy yordam taqdim etgan. Ushbu loyiha O‘zbekistonning quyosh energetikasi salohiyatini kengaytirishga va mamlakatni yashil iqtisodiyotga o‘tishini tezlashtirishga qaratilgan.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar nafaqat mamlakatning energiya ta’minotini mustahkamlashga, balki iqlim o‘zgarishi bilan kurashishdagi global sa’y-harakatlarga ham hissa qo‘shadi. Bu loyihalar orqali har yili 1,1 teravatt-soat qayta tiklanuvchi elektr energiyasi ishlab chiqarilishi va yillik o‘rtacha 110,000 tonna CO2 chiqindilarining oldini olinishi kutilmoqda.
O‘zbekistonning quyosh energetikasi sohasidagi faol harakatlari mamlakatning ekologik barqarorligini oshirishga, energiya xavfsizligini ta’minlashga va global iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishdagi majburiyatlarini bajarishga yordam beradi. Bu esa, nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun muhim ahamiyatga ega.