Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda bemorlarni tupurib, chertib davolaydigan shifokor paydo bo‘lgani haqida ma’lumot tarqaldi.

Videoda qandaydir erkak qator harakatlarni bajarayotganini ko‘rish mumkin – u odamning yuziga tupurmoqda, qo‘llarini silkamoqda va keyin “bemor”dan uning ahvoli haqida so‘ramoqda. Bir qarashda, bunday “tabib”ga ishonib bo‘lmaydigandek tuyulishi mumkin. Biroq, paydo bo‘lgan navbat buning aksini isbotlaydi.
Factchecknet.uz peshonaga chertish yordamida kasalliklarni davolash mumkinmi va bu xalq tabobatiga qay darajada aloqadorligini tekshirib ko‘rdi.
HUKM: YOLG‘ON
Texnologiyalar rivoji va dalillarga asoslangan tibbiyotdagi yangi yondashuvlarga qaramay, xalq tabobati hozirgi kunlarda ham mashhur. Biroq, mo’jizaviy vositalar va sehrli davolash usullar sifatida taklif etilayotgan hamma narsani xalq tabobati deyish noo‘rin.
Shu kabi firibgarlik holatlari haqida avval ham xabar berilgan. 2022-yilda Bo‘stonliq tumanida o‘zini Tabib deb tanishtirgan shaxs qo‘lga olingan. U laringitni romashka va og‘izga tupurish bilan davolashni taklif qilib, mo’jizaviy vosita uchun pul undirgandi. Boshqa bir firibgar kishi odamlarni video aloqa orqali onlayn davolashni taklif qilgan. Yana biri, ayol kishi odamlarni ilon, kaltakesak va tipratikanlardan tayyorlangan sho‘rva orqali “davolagan”.
Ushbu usullarning hech biri kasalliklarni davolashda foyda bermaydi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dunyoning turli mamlakatlarida xalq tabobati, komplementar va integrativ tibbiyot usullarining xilma-xilligini tan oladi. Shu bilan birga, xalq tabobati dori vositalari ko‘p yillik tajribalar asosida ishlab chiqilgan va kelib chiqishi tabiiy bo‘lsa-da, ularning samaradorligi va xavfsizligi puxta klinik tadqiqotlar orqali isbotlanishi kerakligini ta’kidlaydi.
Shuningdek, xalq tabobatini joriy etish istagida bo‘lgan mamlakatlarga buni ilmiy asoslangan va bemorlarga zarar yetkazmagan hamda tibbiy yordamning xavfsizligi, samaradorligi va sifatini ta’minlagan holda amalga oshirish tavsiya etiladi.
Videoda keltirilgan bunday nostandart usullar ilmiy asosga ega emas. Bundan tashqari, ular kasallikni malakali mutaxassislar bilan davolashga sarflashlari mumkin bo‘lgan vaqtni kechiktirish orqali odamga zarar yetkazishi mumkin.
Aytgancha, malaka haqida. “Fuqarolar sog‘lig‘ini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, tibbiy ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslar xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lishi mumkin, biroq ular buni faqat Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi Tibbiy faoliyatni litsenziyalash bo‘yicha maxsus komissiyaning xulosasi asosida boshlashlari kerak.
Sinalmagan, dalillarga asoslanmagan usullarni qo‘llash orqali bunday “tabiblar” tibbiyotning “zarar bermang” degan asosiy printsipini buzmoqdalar.