Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarga ko’ra, banan sotib olayotganda undagi stikerlarga e’tibor berish kerak. “Agar ular 4 yoki 3 raqamlari bilan boshlanadigan 4 xonali kodga ega bo‘lsa, demak, mahsulot intensiv qishloq xo‘jaligi prinsipi asosida yetishtirilgan, bu o‘g‘itlar va pestisidlardan foydalanishni ham nazarda tutadi… Agar mahsulotda 5 raqamidan boshlanadigan 8 xonali kod bo‘lsa, demak, mahsulot genetik jihatdan o‘zgartirilgan yoki odatda GMO deb nomlanadi”, deyilgan.
Factchecknet.uz ushbu xabarni tekshirib ko’rdi.
HUKM: MANIPULYATSIYA
Shunday mazmundagi xabarlar internet bo‘ylab bir necha yillardan buyon tarqatiladi. Agence France-Presse (AFP) tarkibidagi AFP Fact Check bo‘limi xuddi shu mazmundagi xabarni tekshirib ko’rgan:

Meva va sabzavotlarga yopishtiriladigan stikerlardagi to‘rt va besh xonali kodlar inventarizatsiyani nazorat qilish va hisob-kitob jarayonini osonlashtirish uchun ishlatiladi. Shunga qaramay, “Facebook” tarmog‘ida tarqalib ketgan noto‘g‘ri xabarlar bu raqamlar mahsulotning genetik modifikatsiyalanganligini bilish imkonini beradi, deb da’vo qilishda davom etmoqda. Biroq bu noto‘g‘ri. Iste’molchi koddan mahsulotning organik ekanligini aniqlashi mumkin bo’lsa-da, mahsulot genetik jihatdan o‘zgartirilgan yoki yo‘qligini bilish imkonsiz.

Suratda to‘rt xonali “4173” kodli yorlig‘i bo‘lgan olma tasvirlangan, matnda esa 3 yoki 4 bilan boshlangan kod mevaga “pestitsidlar sepilganini isbotlashi” aytilgan. Shuningdek, shu mazmundagi xabar boshqa mintaqalarda, jumladan, apelsin misolida Gretsiyada ijtimoiy tarmoqlarda ham paydo bo‘lgan.
Internetda qidiruv shuni ko‘rsatadiki, bu yorliq kodlari “Price Look-Up” yoki PLU kodlari deb ataladi. Ular ko‘plab mamlakatlarda mahsulotlarni tasniflash, uskunalarni yangilash va to‘lov jarayonini osonlashtirish uchun ishlatiladi. PLU kodlari chakana savdo kompaniyalari tomonidan hisob-kitob jarayonini osonlashtirishda qo‘llaniladi. Ular doimiy va tasodifiy yoki o‘zgaruvchan vaznli meva va sabzavotlarni, shuningdek yong‘oq va ko‘katlarni tasniflash uchun ishlatiladi. Ko‘pgina hollarda PLU kodi meva va sabzavotlarga yopishtirilgan kichik stikerga bosiladi va to‘rt yoki besh raqamni o’z ichiga oladi”, deydi “Interfel” savdo assotsiatsiyasi AFPga.
“PLU tizimi savdo nuqtalarida chakana savdo vakillariga ko‘maklashish maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, mahsulot marketarda aniq identifikatsiya qilinishini va mijozlar uning uchun to‘g‘ri miqdorni to‘lashini ta’minlash uchun ishlab chiqilgan”, deydi IFPS Mahsulotni identifikatsiyalash qo‘mitasi raisi Jeyn Proktor.
Dunyo bo‘ylab supermarketlar ushbu kodlardan 90-yillardan beri foydalanmoqdalar. Xalqaro ishlab chiqarish standartlari federatsiyasi (IFPS) o‘z veb-saytiga ko‘ra, 3000, 4000, 83000 va 84000 seriyalaridagi turli xil meva va sabzavotlarga kodlarni tasodifiy ravishda belgilaydi. Misol uchun, 4173 – Fransiyadagi Facebook ijtimoiy tarmog‘ida tarqatilgan fotosuratdagi olmadagi kod. Global va mintaqaviy PLU ro‘yxatining beshinchi sahifasida biz bu raqam haqiqatan ham “Royal Gala” navining kichik olmalariga tegishli ekanligini ko‘ramiz.

Shunday qilib, olma yorlig‘idagi kod meva va sabzavot ma‘lumot tizimiga mos keladi, uning maqsadi to‘lov paytida tegishli narxni qo‘llashdir.
Organik mahsulotlar uchun 9 qo’shimchasi
Shu nuqtai nazardan, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar noto‘g‘ri. Bir tomondan, ular organik meva va sabzavotlar uchun kod prefiksining to‘g‘ri ma’nosini beradi. Ammo, boshqa tomondan, noorganik mahsulotlarga nisbatan bu bo‘rttirilgan, genetik jihatdan o‘zgartirilgan meva va sabzavotlarga nisbatan esa noto‘g‘ri, chunki bunday maxsulotlar hech qanday maxsus kodga ega emas.
“3000 va 4000 seriyalaridagi to‘rt xonali kodlar an’anaviy tarzda etishtirilgan mahsulotlar uchun”, deydi IFPS o‘z veb-saytida. Bu shuni anglatadiki, ularni yetishtirish uchun pestitsidlar va o‘g‘itlar ishlatilgan. Virusli postlardagi “kodlari uch yoki to‘rt raqamidan boshlangan to‘rt xonali kodli mahsulotlarga “pestitsidlar sepilgan” degan ta’rif shuning natijasidir. Organik mahsulotlar uchun kodlarning boshida prefiks qo‘llaniladi. IFPS 2022-yil dekabr oyida AFPga bergan ma’lumotlariga ko‘ra, organik mahsulotlar uchun “9” prefiksi 4 xonali an’anaviy ravishda yetishtirilgan organik mahsulot kodining oldiga qo‘yiladi. Bu tashkilot veb-saytida ham aytilgan. “Masalan, PLU kodi 4011 an’anaviy usullar yordamida yetishtirilgan bananga, PLU kodi 94011 esa organik bananga tegishli”, deydi Interfel.
2018-yilda IFPS allaqachon matbuot bayonotida “8” prefiksi (83000-84999) bir vaqtlar GMO mahsulotlari uchun ajratilgan bo’lsa-da, hech qachon chakana savdoda ishlatilmaganini ta’kidlagan edi. Buning o‘rniga, IFPS 3000 va 4000 seriyali raqamlar ishlatilib bo‘lishidan xavotirda ekanligi sababli raqamlar miqdorini kengaytirish uchun oldingi 5-raqam sifatida “8” ishlatilishini bildirdi. Shunday qilib, 3000 dan 4999 gacha seriyalar tugagach, yangi mahsulot navlari 83000 dan 84999 gacha seriyalar bilan kodlanadi. Hozircha IFPS onlayn ma’lumotlar bazasi hali “8” prefiksi bilan kodlangan mahsulotga ega emas.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, iste’molchilar meva yoki sabzavot genetik jihatdan o‘zgartirilganmi yoki yo‘qligini aytish uchun ushbu raqamlar seriyasiga tayanmaydilar.