Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarga ko‘ra, yosh bolaning istimasini tezda tushirish uchun sovun ko‘pigidan foydalanish mumkin. 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarga “Analgin”ni qo‘llash taqiqlanadi.
Factchecknet.uz ushbu xabarning haqiqat yoki yolg‘on ekanligini tekshirib ko‘rdi.
HUKM: ROST
Biz bilan telefon orqali muloqot qilgan Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi rahbari, professor Abdumannon Abdukayumovga ko‘ra, isitma ko‘tarilganda ko‘pikdan foydalanish mumkin. Yoki oddiygina tanani suv bilan artish va bolaning peshonasiga ho‘l mato qo‘yish ham isitmani tushiradi. Chet davlatlarda isitmasi ko‘tarilayotgan bolani iliq suv to‘ldirilgan vannaga tushirib, tana haroratini pasaytirish amaliyoti ham qo‘llaniladi.
Shuningdek, professor 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarga “analgin, dimedrol taqiqlangan”ligini bildirdi.
Mavzuni qo‘shimcha o‘rganish va onalar fikrini bilish maqsadida Facebookdagi “Ayol” yopiq ayollar guruhida so‘rovnoma tashkil qilindi.

So‘rovnoma “12 yoshgacha bo‘lgan farzandingiz isitmalaganda davlat tibbiy muassasalarida yoki tez yordam xizmatida uning isitmasini “analgin, dimedrol” bilan tushirishganmi?” degan savol asosida o‘tkazildi. So‘rovnomada 193 kishi ishtirok etdi. Qatnashchilarining 64 foizi, ya’ni 120 kishi ushbu savolga “ha” deb javob bergan.