Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarga ko‘ra, “dunyoga mashhur “ZARA” brendi o‘zining yangi mavsum uchun kiyim kolleksiyasini “kafanlangan odam”ni ko‘tarib turgan qiz obrazida tanishtirgan”. Ko‘pgina tarmoqlarda ushbu ko‘rinish Isroil-Hamas mojarosida halok bo‘layotgan musulmonlarning ustidan kulish deb baholanyapti.

Factchecknet.uz “ZARA” kolleksiyasidagi tasvir haqiqatan ham kafan ma’nosini anglatadimi degan savolga javob izladi.
HUKM: YOLG‘ON
Ushbu reklama kampaniyasi brendning butun dunyo bo‘ylab boykot qilinishiga olib keldi. Kompaniyaning rasmiy Instagram sahifasida joylashtirilgan postlar boykot mazmunidagi izohlar bilan to‘lib toshdi.
“ZARA”ning yuqoridagi libos namoyish etilgan kolleksiyasining boshqa suratlarini hamda kolleksiya mavzusini o‘rgandik.
Rejaga ko‘ra, kolleksiyada haykaltarosh ustaxonasi tasvirlanishi kerak edi. Kadrda siz singan haykallarni, tosh va gips parchalarini ko‘rishingiz mumkin. Hozirga kelib suratlar kompaniyaning rasmiy sahifalaridan o‘chirib tashlangan va hodisa yuzasidan tushuntirish berilgan.

“Iyul oyida tashkil etilgan va sentyabr oyida suratga olingan aksiya haykaltaroshlar studiyasida tugallanmagan haykallarning bir qator tasvirlarini taqdim etadi va badiiy kontekstda qo‘l mehtati bilan yaratilgan kiyimlarni namoyish qilish maqsadi bilan yaratilgan”, — deyiladi kompaniya rasmiy sahifasidagi murojaatda.
Unda “ZARA” kolleksiya fotosuratlarining noto‘g‘ri tushunilganligidan afsusdaligini va hammaga chuqur hurmatda ekanligini bildiradi.