Chustdagi maktabning quyosh panellari bolalarga xavf solmoqdami?

Tashabbusli budjet doirasida Namangan viloyati Chust tumanidagi 27-sonli umumta’lim maktabida o‘rnatilgan 20 kVt li quyosh panellari xavfsizlik talablariga rioya etmagan holda o‘rnatilganligi va haligacha ishga tushmaganligi aytilmoqda. Holat yuzasidan bolalar ombudsmani va mas’ul huquq tartibot organlariga tegishli so‘rovlar yuborildi.

“Chust tumanidagi 27-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga 20 kv lik quyosh paneli “SAMO BUILD-14” MCHJ orqali yetkazib berilgan va o‘rnatilgan. Quyosh panelining akkumulyatori sinf xonasiga o‘rnatilgan bo‘lib, temir sandiq bilan o‘rab qo‘yilmagan (bu holat o‘quvchilar uchun xavfli hisoblanadi). Shu kunga qadar quyosh paneli hali ishlamadi. O‘rnatgan tadbirkor bilan bog‘lanishning iloji yo‘q, telefonni ko‘tarmaydi. Ushbu loyihaga ovoz bergan MFY aholisi va maktab jamoasi norozi kayfiyatda” deb e’tiroz bildirmoqda loyiha tashabbuskori https://openbudget.uz/ saytida.

Loyiha ijrosi qizil rang bilan baholangan.

2023-yilning birinchi mavsumida Namangan viloyati Chust tumani “Sarimsoqtepa” MFY faollari tomonida ilgari surilgan ushbu tashabbus 2847 ta ovoz to‘plab, g‘olib deb topilgan. Tashabbusni amalga oshirish uchun 850 million so‘m miqdorda mablag‘ ajratilgan.

Tashabbus “27-maktabga 20 KVt li quyosh paneli va boshlang‘ich sinf, qo‘shimcha binolardagi yog‘och dereza va eshiklarni yangi zamonaviy deraza va eshiklarga almashtirish”ni ko‘zda tutadi.

Maktabga 20 kVt li quyosh paneli va boshlang‘ich sinf, qo‘shimcha binolardagi yog‘och dereza va eshiklarni yangi zamonaviy deraza va eshiklarga almashtirish tashabbusini amalga oshiruvchi pudratchi tashkilot sifatida “Samo Build-14” MChJ (STIR: 303018449) belgilangan. Biroq na tashkilot STIRi, na “Open budget” saytida ko‘rsatilgan lot raqami orqali ushbu tender haqida ma’lumot topishning iloji bo‘lmadi.

Sentyabr-oktyabr oylaridagi ma’lumotlar aks etgan pudratchi korxona bilan hisob fakturalar ro‘yxati “Samo build-14”ga 350 mln so‘m to‘langanligini ko‘rsatadi. Quyida ilova qilingan fotoda keltirilganidek, “Business star export import” MChJ (STIR: 310396024) hisobiga ham 348 mln so‘’m miqdorida mablag‘ o‘tkazilgan. Biroq mazkur tashkilot haqida na tashabbusli loyiha hujjatlarida, na tender ro‘yxatlarida ma’lumot uchraydi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUK loyiha qiymatini 436482,009 ming so‘m etib belgilagan.

Nega pudratchi tashkilotni aniqlash bo‘limidagi lot raqami va pudratchi tashkilot INN si orqali ma’lumot izlash natija bermadi, degan savol bilan Chust tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi DM bilan aloqaga chiqishga urinish ham, “Samo build-14” MChJ bilan aloqaga chiqishga urinish ham natija bermadi. Har ikki tuzilmaning registr.stat.uz portalida qayd etilgan aloqa uchun telefon raqamlari ishlamaydi. 

Bundan tashqari, loyiha budjetidan pul o‘tkazib berilgan “Business star import export” MChJ haqida ma’lumot topishning imkoni bo‘lmadi.

Loyiha doirasida boshlang‘ich sinf, qo‘shimcha binolardagi yog‘och dereza va eshiklarni yangi zamonaviy deraza va eshiklarga almashtirish ishlarining amalga oshgan yoki oshmaganligi yuzasidan ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi. 

Yuzaga kelgan holat bo‘yicha factchecknet.uz tomonidan loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlarning to‘liq va sifatli bajarilganligi hamda uning bolalar hayoti va xavfsizligi talablariga tegishli tartibda javob berishi yuzasidan bolalar ombudsmani hamda hududiy prokuratura organlariga tegishli so‘rovlar yuborilgan va so‘rov natijasi bo‘ycha qo‘shimcha ravishda ma’lumot berilishi ko‘zda tutilgan.

“Tashabbusli budjet” o‘zi nima?

Prezidentning 2021-yil 13-aprel kunidagi qarori bilan (PQ-5072) fuqarolar budjetni shakllantirish jarayonlarini nafaqat nazorat qilishi, balki budjet mablag‘larini shakllantirish jarayonidan boshlab ularni sarflashda qatnashishi uchun ham imkoniyat yaratilgan edi. Unga ko‘ra O‘zbekistonda 2021-yilda “Ochiq budjet” portali ishga tushirildi. Plaftormada “Tashabbusli budjet” bo‘limi yaratilib, u orqali fuqarolar infratuzilmani yaxshilash, xiyobonlar, bolalar va sport maydonchalari, ichki yo‘llarni qurish, maktablarni ta’mirlash va jihozlash hamda boshqa masalalar bo‘yicha loyihalarni taklif etib, mahalliy budjetning taqsimlanishida ishtirok eta boshladilar. Budjet shakllanishi jarayonida jamoatchilik ishtirokini kengaytirish maqsadida tuman va shaharlarda tegishli budjetlarning tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 5 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirish bo‘yicha yangi tartib bosqichma-bosqich joriy etildi. 
Birgina 2023-yilda “Tashabbusli budjet” dasturi doirasida tashabbuslarni amalga oshirish uchun 4 trln so‘mdan ortiqroq sarflandi. Turli yil va davrlarda “Tashabbusli budjet” uchun davlat budjetidan qancha pul ajratilganligini BU YERDA ko‘rishingiz mumkin.