2023-yil sentabr oyida 25 nafar bolani “Spark” rusumli avtomashinaga mindirib ketayotgan hadovchi videolari tarqalgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, xususiy bog‘cha mudirasi bolalarni bog‘chadan uyga tashlab ketish uchun shu usuldan foydalanib kelgan.
Ijtimoiy tarmoqlar, xususan, “Twitter” nomi bilan tanish “X” tarmog‘ida videotasvir bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik, ekspluatatsiyani aks ettiryapti degan ma’noda yolg‘on talqinda tarqalgan. Holat yuzasidan “Misbar” nashri faktchekingni amalga oshirgan. (Misbar — Arab factchecking platformasi).
Ijtimoiy tarmoqlardagi videotasvirlar “BOLA SAVDOSI: O‘zbekistonda 25 bolani shubhali tarzda olib ketayotgan musulmon haydovchi qo‘lga olindi. Oxir-oqibat, u bolalar jinsiy maqsadlarda va organlarni yig‘ish uchun sotilishini tan oldi” sarlavhasi bilan tarqatilgan.

“Misbar” jurnalisti Buxoro viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati 16-sentabr kuni rasmiy YouTube kanalida e’lon qilgan videoni keltiradi.

“The Sun” va “Longview News Journal” kabi bir nechta axborot agentliklari ham “Misbar” bilan bir qatorda videoda “o‘z o‘quvchilarini uyiga olib ketayotganini da’vo qilgan o‘qituvchi” aks etganligini yozgan.
“Misbar” maqola so‘ngida O‘zbekistonda bolalar huquqlari masalasini ham keltirib o‘tadi. “Demografik va salomatlik tadqiqotlari (DHS) dasturining statistik maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda eng koʻp aholiga ega davlat boʻlib, bu aholining oʻttiz sakkiz foizini bolalar (15 yoshgacha) tashkil etadi. O‘zbekistonda bolalar huquqlari himoyasi yaxshilanmoqda, lekin hali ham bolalar mehnati kabi muammolar mavjud. O‘zbekistonda aholining to‘rtdan bir qismidan ko‘prog‘i qashshoqlik chegarasida yashaydi. Bu bolalarning turmush sharoitiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ularni mehnatga majbur qilmoqda. O‘zbekiston bolalar mehnatini taqiqlash bo‘yicha konvensiyalarni ratifikatsiya qilgan bo‘lsa-da, bolalar hali ham mehnat qilmoqda” deb yozadi nashr.