Ijtimoiy tarmoqlarda pakana jirafa aks etgan surat tez-tez ko‘zga tashlanmoqda. Foydalanuvchilar “Pakana jirafalar hayotda chindan ham mavjudmi?” degan savolga javob izlashyapti. Biz buni tekshirib ko‘rishga qaror qildik. Xo‘sh, past bo‘yli jirafalar tabiatda uchraydimi?

HUKM: QISMAN HAQIQAT
Jirafalar o‘zlarining uzun oyoqlari va bo‘yni sharofati bilan 5-6 metrgacha bo‘ladi. Yangi tug‘ilgan jirafa bolasining bo‘yi ham 2 metrgacha yetadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, bu noodatiy jirafaning fotosurati internetda juda keng tarqaldi. Ko‘pincha bu fotosuratga “kalta jirafa” yozuvi hamroh bo‘ladi. Shuningdek, ba’zi nashrlar uning “pakanalikdan aziyat chekayotgan jonivor” yoki “semiz jirafa bolasi” ekanligini ta’kidlashdi.
Gap shundaki, jirafaning original surati Pxleyes.com veb-saytida 2010-yilda “Kichik jonivorlar” nominatsiyasida o‘tkazilgan fotosuratlar tanlovida ishtirok etish uchun qayta ishlangan.
Original suratning o‘zi esa 2004-yil mart oyida Fransiyadagi hayvonot bog‘ida Emanuel Videnhoff tomonidan olingan.
Surat feyk bo‘lishiga qaramay, umuman olganda, kalta bo‘yli jirafalar mavjudligi qayd etilgan. 2021-yilda “Forbes” e’lon qilgan maqolaga ko‘ra, Afrikada tadqiqotchilar tomonidan hayvonlar populyatsiyasi dinamikasini kuzatish uchun foydalanilgan standart fotografik tadqiqotlar natijasida ikkita mitti jirafa topilgan. Birinchi mitti jirafa Ugandadagi Murchison sharsharasi milliy bog‘ida, ikkinchisi esa Namibiya markazidagi shaxsiy fermada topilgan. “Yovvoyi tabiatda mitti jirafalar birinchi marta kuzatilmoqda”, deyiladi maqolada.

Surat: Forbes
Ikkala jirafa ham mittilik va boshqa rivojlanish buzilishlarini keltirib chiqaradigan noyob genetik kasalliklarga olib keluvchi skelet displaziyasidan aziyat chekadi. “Bu turdagi skelet displaziyasi yovvoyi hayvonlarda juda kam hollarda uchraydi”, — deydi tadqiqotning yetakchi muallifi, tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassis, biolog Maykl Braun.