Olmaliqdagi ofisga hujum bo‘lganmi?

Internetda g‘azablangan xodimlar Olmaliqdagi Enter Engineering ofisiga bostirib kirib, bor narsalarini irg‘itib tashlagani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi.

Sababi, go‘yoki ular 2023 yildan beri maosh olmaganida.

HUKM: FEYK

Toshkent viloyati ichki ishlar Bosh boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Olmaliqdagi ishchilarning ish tashlashi aks etgan videoga izoh berdi.

Qayd etilishicha, videomurojaatlar voqelikni aks ettirmaydi, ya’ni Olmaliqda bunday holat kuzatilmagan. Shuningdek, ular rasman ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar mualliflarini tasdiqlanmagan yoki yolg‘on ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirishgan.

Enter Engineering ham xodimlarga ish haqi to‘lanmagani haqidagi xabarlarni rad etdi.

“Xodimlarning ish haqi to‘g‘ridan-to‘g‘ri bajarilgan ish hajmini mijozga muvaffaqiyatli asoslab, topshirishga bog‘liq. Shunga ko‘ra, fevral oyi uchun xodimlarga ish haqi to‘liq to‘langan. Mart oyi uchun hajmlarni asoslash jarayoni davom etmoqda, uning natijalariga ko‘ra ish haqi to‘liq to‘lanadi”, — deya izoh berdi kompaniya pul to‘lash holati haqida.

Bundan tashqari, ular ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan videolar soxta va uch yil avvalgi ekanini ta’kidladilar.

Olmaliqdagi ofisga hujum bo‘lganmi?

Foto bugunuz/Telegram

Darhaqiqat, shunga o‘xshash xabarlar 2020-yilda paydo bo‘lgan, ammo ular Qashqadaryo viloyatidagi GTL zavodi qurilishida sodir bo‘lgan voqea haqida ma’lumot bergan. Muammoni yoritilgach, xodimlarning oyliklari to‘lab berildi.

Faktchekerlar hamjamiyatiga qo‘shiling.