Ijtimoiy tarmoqlarda budilnik ovozidan uygʻonish xavflari haqida videorolik tarqaldi. Unga koʻra, bunday tarzda uygʻonish insonlarda turli xil kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Factchecknet.uz ushbu videorolik uchun asos qilib olingan tadqiqot natijalarini oʻrgandi.
HUKM: QISMAN ROST
Xabarda aytilishicha, budilnik ovozidan uygʻonadigan insonlarning koʻpchiligi miya faoliyati buzilishi, qon bosimining koʻtarilishi, gipertoniya va insult bilan kasallanadi.
Ertalab vaqtli uygʻonish uchun uygʻotgichlardan foydalanish tez-tez uchrab turadi. Shuningdek, baʼzi uygʻotgich foydalanuvchilari qoʻngʻiroq chalinishi bilan uygʻonmaydilar. Shu tariqa budilnik chalinishi bir necha daqiqa mobaynida davom etadi. Biroq ulardan doimiy ravishda foydalanish oʻsmirlar salomatligiga zararli taʼsir koʻrsatadi.
Uyqu vaqti 2 davrga, yengil va chuqur uyquga bo’linadi. Aynan chuqur uyquda yangragan budilnik ovozi inson salomatligi uchun xavflidir. Ommalashgan telefon uygʻotgichlari insonlar qaysi uyqu siklida uygʻonishlari mumkinligini aniqlay olmaydi. Shu sababli bir xil tempda oʻrnatilgan sozlamalar yordamida oʻz ishini bajaradi. Bu esa sogʻlom uyqu siklida buzilishlarga olib keladi. Natijada uygʻotgichdan foydalaniladigan insonlar oʻrtasida uyqu tartibi butunlay buziladi. Kutilmaganda chalingan qoʻngʻiroq ovozi yurak kuchlanishiga va tez urishiga sabab boʻladi. Bunday natijalar uyg’onganidan keyin darhol optimal darajada ishlashi kerak bo’lgan oʻt oʻchiruvchilar, shifokorlar va favqulodda yordam xodimlari uchun yomon ta’sir koʻrsatishi mumkin.
“Budilniklar insonlar oʻrtasida uyqu buzilishi va tartibsiz uyquga olib kelishi bilan bir qatorda, yurak qon tomir, nerv sistemasi kasalliklari, shuningdek kuchli stressni keltirib chiqaradi” – deyiladi ABC maqolasida.
“O’nlab yillar davomida olib borilgan tadqiqotlardan so’ng, uyquni yo’qotish va uyqu buzilishi inson salomatligiga chuqur ta’sir ko’rsatishini ishonch bilan aytish mumkin. Ular sog’liqni deyarli barcha asosiy ko’rsatkichlariga: o’lim, kasaliklar, ish, baxtsiz hodisalar va jarohatlar, hayot faoliyati va sifati, oila farovonligiga ta’sir qiladi”- deydi Tibbiyot instituti (AQSh) Uyqu tibbiyoti va tadqiqotlari qoʻmitasining a’zolari
Harvey R. Colten va Bryus M. Altevogt
Yaponiyadagi Milliy sanoat sog’liqni saqlash instituti tomonidan o’tkazilgan tadqiqotda, budilnikdan uyg’ongan ishtirokchilarning qon bosimi va yurak urish tezligi o’z vaqtida uyg’onishi mumkin bo’lganlarga qaraganda yuqori bo’lgan.
Sogʻliqqa zarar yetkazmasdan uygʻonishning xavfsiz usullari mavjud. Xavfli holatlarning oldini olish maqsadida uyqudan oldin gadjetlardan foydalanmaslik, uxlashga vaqtliroq yotish va ertalab yengil dush qabul qilish tavsiya qilanadi.
Budilnikdan foydalanuvchilarning nisbiy foizini aniqlash maqsadida Facebook ijtimoiy tarmogʻining yopiq “Ayollar guruhi” da soʻrovnoma oʻtkazildi.
Uning natijalariga koʻra, respondentlarning 61,3%i ertalab uygʻonish uchun budilniklardan foydalanishadi.