O‘zbekistonda poyezd chiptalari narxi qanchaga oshdi?

3-oktabr kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” O‘zbekiston ichida poyezd chiptalari narxi oshgani haqida xabar berdi.

“Barcha poyezdlar uchun chiptalarning tarif qismi 50 foizga, “Afrosiyob” tezyurar poyezdi chiptalarining to‘liq narxi esa 100 foizga oshirildi”, — deyiladi xabarda.

HUKM: QISMAN ROST

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati 1-noyabr kuni mamlakat ichidagi poyezd chiptalari narxi o‘zgarganini ma’lum qildi.

“Barcha yo‘nalishlar bo‘yicha chiptalar narxi avval e’lon qilingan 50 foizga emas, balki 44 foizga oshadi. Qayd etilishicha, “Afrosiyob” poyezdlari uchun to‘liq chiptalar narxi avval e’lon qilingan 100 foiz o‘rniga o‘rtacha 60 foizga oshadi”, — deyiladi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati xabarida.

Factchecknet.uz chiptalar narxi qanchaga oshgani va ular xabarda ko‘rsatilganiga mos kelishini tekshirib ko‘rdi.

3-oktabr kuni olingan ushbu skrinshotda Samarqandga chiptalar narxi oshishidan avval qanday bo‘lganini ko‘rishingiz mumkin.

Ekonom – 113 920 so‘m;

Biznes – 142 750 so‘m;

VIP – 226 020 so‘m.

7-dekabr kuni esa Samarqandga chiptalar narxi shunday bo‘lgan:

Ekonom – 134 070 so‘m;

Biznes – 175 570 so‘m;

VIP – 534 660 so‘m.

Ekonom chipta narxlari 17 foizga, biznes 23 foizga, VIP 136 foizga oshgan.

5-yanvarda maʼlum boʻlishicha, 20-yanvardan “Afrosiyob” tezyurar poyezdi, shuningdek, “Sharq” (Toshkent – ​​Buxoro), “Nasaf” (Toshkent – ​​Qarshi) va “Oʻzbekiston” (Toshkent – ​​Fargʻona vodiysi) poyezdlari uchun chiptalar narxi 20 foizga oshirildi, — deb xabar berdi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati.

Buxoroga yangi tariflar:

“Toshkent – ​​Buxoro – Toshkent”

VIP – 636 ming so‘m (530 ming);

Biznes – 462 ming so‘m (385 ming);

Ekonom 336 ming so‘m (280 ming).