Toshkentda qadimiy bino buzilmoqdami?

Facebook ijtimoiy tarmog‘ida go‘yoki “eski ToshMI” klinikasi buzilishi haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Post muallifi o‘z ismi sir qolishini istagan mutaxassislarga tayanib, tibbiyot xodimlarining ushbu binodan ko‘chirilishi haqida ma’lum qildi.

Madaniy meros agentligi surati

Factchecknet.uz mazkur ma’lumotlarni tekshirib, bunga munosabatni o‘rgandi.

HUKM: YOLG‘ON

Madaniy meros agentligi vaziyatga izoh berdi.

Mutaxassislar 2024-yil 3-yanvar kuni hududga borib, hech qanday qurilish yoki ta’mirlash ishlari olib borilmayotganini qayd etishgan.

“Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi “Moddiy madaniy merosning  koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq poytaxtimizning Yashnobod tumanida joylashgan “Eski ToshMI” binosi (Akademiyaning 29-sonli tibbiyot boʻlimi) madaniy meros obyekti sifatida ro‘yxatga olingan. Tibbiyot muassasasi XIX-asrda qurilgan va hozirda davlat mulki hisoblanadi”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, tibbiyot markazi rahbariyatiga binoda qurilish-ta’mirlash ishlarini olib borish uchun Madaniy meros agentligi huzuridagi ilmiy ekspert kengashidan tegishli ruxsatnoma va baholash loyihasi bo‘lishi zarurligi tushuntirildi. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 29-iyundagi 269-son qaroriga ko‘ra, madaniy meros obyektlarini davlat ro‘yxatiga kiritish qat’iy ravishda tarixiy-madaniy ekspertiza xulosasi asosida amalga oshiriladi.

Keyinroq maʼlum boʻlishicha, Toshkent tibbiyot akademiyasining qadimiy binosini restavratsiya qilish loyihasi tasdiqlangan. Biroq, buzilish haqida hech narsa aytilmagan.

“Hujjatga ko‘ra, mazkur binodan 26 metr, 13 metr va 52 metr masofada ikkita yotoqxona qurish, binolarning tashqi ko‘rinishi va konstruktiv holatini saqlab qolish sharti bilan binoning yuqori qismini tiklash rejalashtirilgan. Kengash tomonidan ma’qullangan loyiha xulosasi belgilangan tartibda “O‘zshaharsozlik LITI” davlat unitar korxonasiga yuborildi”, — deyiladi Madaniy meros agentligi xabarida.

Belgilangan obyekt hududida aniq nima joylashishi ham avvalroq ma’lum bo‘ldi. Prezidentning N.I. Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti filiali faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi qaroriga binoan uning Toshkent shahridagi  filiali Toshkent sh., Yashnobod tumani, Magtimguli koʻchasi, 103-uy (“eski ToshMI”) manzilida joylashgan Toshkent tibbiyot akademiyasi koʻp tarmoqli klinikasi binolarida joylashtiriladi.

Shu tariqa, binoni buzishni rejalashtirishmayapti, Madaniy meros agentligi esa tarixiy obyektni restavratsiya qilish ishlarining borishini kuzatib bormoqda.