Qozogʻistonda 12 balli zilzila kutilyaptimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda qoʻshni Qozogʻistonda 12 balli zilzila kutilayotganligi va favqulodda koʻchirish ishlari boshlanganligi, shuningdek, ushbu zilzila Oʻzbekiston hududida ham vayronagarchilikka sabab boʻlishi mumkinligi haqidagi xabar tarqaldi.

Factchecknet.uz sayti ushbu holatni oʻrgandi.

HUKM:  MANIPULYATSIYA

Aslida xabarda manba qilib olingan ma‘lumotni ekolog, jamoat arbobi, “Tabigat” ekologik harakati raisi Mels Eleusizov oʻz intervyusida “Olmaotada istalgan vaqtda 12 magnitudali halokatli zilzila sodir boʻlishi mumkin”, — deya aytib oʻtgan.

“Olmaota shahrini 12 balli zilzila kutmoqda, deb bejiz aytmadim. 1912-yilda katta zarba boʻlganligi uzoq vaqtdan beri maʼlum. Oʻsha paytda faqat 28 panfilovchilar parkidagi ruslarning cherkovi saqlanib qolgan. Juda yaxshi qurilgan, buzilmagan.  Butun Olmaota vayron boʻldi.  Endi, agar shunday vaziyat yuzaga kelsa, bu dahshatli boʻladi.  Ilmiy nuqtai nazardan, bu har qanday vaqtda sodir boʻlishi mumkin.  Sababi, oradan 100 yil oʻtdi, tarix har 100 yilda takrorlanadi.  12 magnitudali zilziladan odamlarning omon qolish ehtimoli juda past.  Ular zamonaviy uylardan chiqolmaydi. Sovet hukumati davrida bor-yo‘g‘i 5 qavatli uylar boʻlgan, hozirgi zamonaviy 20-30 qavatli uylar bunga dosh berolmaydi”, — deydi ekolog.

Ushbu xabarga rasmiylar quyidagicha munosabat bildirdi: “Oʻzbek seysmoprognostik monitoring markaz va seysmologiya instituti tahlillariga koʻra, hozirda mintaqada anomal seysmik qoʻzgʻalishlarni keltirib chiqaruvchi zilzila darakchilari xavfi mavjud emas”.

Shuningdek, seysmolog olimlarning ma’lumotiga koʻra, zilzilaning vujudga kelishi mumkin boʻlgan aniq vaqt va joyini prognoz qilishning imkoni yoʻq. 

Qozogʻiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining Seysmik kuzatish va tadqiqot milliy ilmiy markazi  31- yanvar kuni Xitoyda 6 ta yer silkinishini qayd etgan, ulardan biri Qozogʻiston hududida ham sezilgan. Bu zilzila Ostona vaqti bilan 4:27 da sodir boʻlgan. Zilzila epitsentri Olmaotadan 293 kilometr janubi-sharqda, Xitoy hududida joylashgan. Zilzila chuqurligi 10 kilometrni tashkil qilib, Olmaotada 2 balli zilzila qayd etilgan.

Aynan Olmaota shahrida 23-yanvar kuni ham 5 magnitudali zilzila kuzatilgan. Odamlar uylarini tark etib, koʻchaga chiqib ketishgan. Shu sababli shahar koʻchalarida tirbandlik yuzaga kelgan.
Eslatib oʻtamiz, ushbu holatdan soʻng prezident Qosim-Jomart Tokayev Olmaota fuqarolik mudofaasi tizimi zilzilaga tayyor emasligini aytgandi.