“Agrobank” Factchecknet’ning tender qonunchiligi buzilishini ehtimol qilgan maqolasiga izoh berdi

Ushbu maqolada “Agrobank” bilan bog‘liq ikki holat va “Mikrokreditbank” bilan bog‘liq bir holat yoritilgan edi.  “Agrobank”ning javob xatida keltirilishicha, bank bilan bog‘liq birinchi holat, ya’ni “Vertigo Production Group” MCHJ va YATT “Sadikov Zoxid Taxirovich” o‘rtasida manfaatlar to‘qnashuvi alomatlarini bankning o‘zi ham 2023-yil dekabr oyida o‘tkazilgan tekshiruv orqali aniqlagan. 

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, 2024-yil 4-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan komissiya yig‘ilishi bayonnomasiga asosan bank va “Vertigo Production Group” MCHJ o‘rtasida tuzilgan shartnomani bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda “Vertigo Production Group” MCHJ bilan tuzilgan shartnoma o‘rnatilgan tartibda bekor qilingan.

“Agrobank” bilan bog‘liq ikkinchi holatda tenderda qatnashuvchi ikki ishtirokchidan biri — “Expera Digital It Consulting” MCHJda talab etilayotgan sertifikatning yo‘qligi ehtimol qilingan. Sababi bu kompaniyani bunday xizmatni taqdim etishi haqida hech qanday ma’lumot topishni imkoni bo‘lmagan.

“Agrobank” bu masalaga ham to‘xtalib o‘tdi va ushbu tenderda noqonuniy hech qanday harakat yo‘qligini bildirdi.  

“23120012322856-sonli lot bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda “Rakasta” va “Expera Digital It Consulting” MCHJlar ishtirok etgan. Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu kompaniyalar Rossiya Federatsiyasida ro‘yxatga olingan “Compliance Control” hamda “Deiteriy Company” MCHJlar nomidan ish yuritishi yoki ularni ishga jalb qilishi belgilangan (ikkala kompaniya ham “PCI  Security Standards Council” MCHJ tomonidan malakali deb topilgan)”, — deyiladi bankning nashrga yuborgan xatida.

Aytilishicha, ishtirokchilar tomonidan etender.uzex.uz platformasi orqali taqdim etilgan hujjatlar bankning mas’ul xodimlari tomonidan o‘rganib chiqilib, tanlov talablariga mos kelishi to‘g‘risida xulosa qabul qilingan.

Bankning javob xatida qayd etilishicha, ushbu lotda “Rakasta” MCHJ tomonidan hujjatlar jamoatchilik uchun ochiq, “Expera Digital It Consulting” MCHJ tomonidan esa yopiq holatda yuklangan. Shu sababli, jamoatchilikda “Expera Digital It Consulting” MCHJning taqdim etgan hujjatlar, shu jumladan, tegishli sertifikatlarni o‘rganib chiqish imkoniyati mavjud emas.

“Agrobank” tahririyat vakiliga tegishli sertifikat va boshqa hujjatlarni nusxa olmaslik sharti bilan tanishish imkoniyatini taqdim etishi mumkinligini bildirdi. 

“Agrobank” o‘z faoliyati davomida doimiy ravishda xolis jurnalistika va  jamoatchilik nazoratini qo‘llab-quvvatlab keladi hamda tahririyatga mazkur jurnalistik surishtiruv materiali uchun minnatdorlik bildiradi”, — deya bank o‘z izohini yakunlagan.

Factchecknet.uz nashri “Agrobank” matbuot xizmatiga o‘z vaqtida, tushunarli va aniq izoh bergani uchun minnatdorlik bildiradi. Shuningdek,  tahririyat “Expera Digital It Consulting” MCHJ   Rossiya Federatsiyasida ro‘yxatga olingan “Deiteriy Company” MCHJ nomidan ish yuritishi yoki uni ishga jalb qilishi belgilanganidan kelib chiqqan holda, “Deiteriy Company” MCHJning faoliyatini tekshirdi va rostdan ham ushbu kompaniya tender talablarida keltirilgan xizmatlarni bajara olishiga amin bo‘ldi.