Telegram messenjerida Rossiyada xotini bilan ajrashgan erkak 100 000 rubl jarima to’lashi yoki urushga jo’natilishi haqida xabarlar tarqalmoqda (1, 2).
Biz bu ma´lumotni tekshirib ko’rdik.
HUKM: MANIPULYATSIYA
Rossiya Davlat Dumasi deputati Vitaliy Milonov ajrashganlarni jarima, majburiy mehnat yoki Ukrainadagi maxsus operatsiya zonasiga jo’natish bilan jazolashga chaqirgan. Bu taklif Milonovning o’zi tomonidan aytilgani va bu haqidagi videolar haqiqat. Parlamentariyning soʻzlariga koʻra, Rossiyada asosiy muammo — nikohdan koʻra ajralishlar soni koʻpligi. Deputatning bu tashabbusi haqida bir qancha nashrlar ham ma’lum qilgan.
Ukrainaning ichki ishlar bo’yicha maslahatchisi Anton Gerashchenko tomonidan Twitterda e’lon qilingan videoda Milonov bu taklifi hamkasblari tomonidan kulgi bilan kutib olingani ko’rsatilgan.
Voqea qanday yuzaga kelgan?
Rossiyaning Oilani himoya qilish, otalik, onalik va bolalik masalalari qo‘mitasining 17-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida nikohini ro’yxatdan o’tkazgan oilalarga bir martalik to’lov to’lash haqidagi qonun loyihasi muhokama qilingan. Ya’ni har bir yangi oilaga 10 ming rubldan berish taklif qilingan. Deputatalr esa bunday qonun davlatga ortiqcha xarajatlarni keltirib chiqarishini ta’kidlab qonunni maqullashmagan. Rossiya Liberal-demokratik partiyasining bu qonun loyihasiga javoban Milonov ajrashish istagi bo’lgan shaxslar 100 ming rubl (taxminan 1134 dollar) miqdorida jarima to’lashga majbur bo’lishi yoki Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiyaga yuborilishi kerakligi haqida tashabbus bildirgan. Bu tashabbusi esa boshqa hamkasblari tomonidan kulgi bilan kutib olingan. Keyinroq Vitaliy Milonovning rus saytiga ma’lum qilishicha, bu faqat Liberal-demokratik partiya tashabbusiga javob sifatida aytilgan. Bunday qonun hujjatini muhokamaga kiritishni rejalashtirmaganini bildirgan.Shuningdek, hozirda ajrashishga boʻlgan munosabatni oʻzgartirishga qaratilgan qonun loyihasini tayyorlayotganligini va unda zoʻrlik yoki moliyaviy jazo bo’lmasligini ta’kidlagan.