“Onlayn madaniyat” platformasi yaratildimi?

Factchecknet.uz O‘zbekiston Respublikasida amalga oshiriladi deyilgan, xalq turmush tarzi va farovonligini oshirishga xizmat qilishi ko´zda tutilgan turli va´dalarni nazorat qilishda davom etadi.   

Ulardan biri – “Onlayn madaniyat markazi” platformasini joriy etish va an’anaviy shaklda faoliyat ko‘rsatayotgan madaniyat markazlaridagi to‘garaklarda o‘tkaziladigan mashg‘ulotlar asosida videodarslarning elektron bazasini yaratish vazifasidir.

Ushbu vazifalar “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 112-son Prezident qarorida belgilangan. 

Factchecknet.uz vazifa ijrosi qay darajada bajarilganligini tekshirib ko‘rdi.

HUKM: BAJARILMAGAN

Raqamli hukumatning axborot tizimlari va resurslari yagona reyestrida loyihaning yakunlanish muddati sifatida 2023-yil 30-noyabr ko‘rsatilgan. Shuningdek, loyiha passportiga ko‘ra, uning ijrosi Madaniyat va turizm vazirligiga yuklatilgan.

registr.stat.uz ga ko‘ra, loyiha-texnik hujjatlarini ishlab chiquvchi sifatida belgilangan “Madaniy hayot media marketing markazi” MCHJning 51% ulushiga Madaniyat va turizm vazirligi egalik qiladi.
Qidiruv natijalariga ko‘ra, https://virtualmadaniyat.uz veb-sayti yaratilgan bo‘lib, uning “Onlayn to‘garaklar” bo‘limidan 4 ta kurs o‘rin olgan:

“Onlayn madaniyat” platformasi yaratildimi?

Shular ichidan faqat “Tanbur” va “Dutor” darslari uchun videomashg‘ulotlar ilova qilingan. “Notiqlik san’ati” va “Vokal” kurslari uchun faqat matnli yo‘riqnomalar keltirilgan. Saytda, qarorda aytilganidek, an’anaviy shaklda faoliyat ko‘rsatayotgan madaniyat markazlaridagi to‘garaklar haqida ma’lumot uchramaydi. Mavjud videodarslar Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutining Youtube sahifasidan olib, saytga joylashtirilgan.

Sayt ommalashtirilmagan, 4 ta kursda jami 6 ta “talaba” borligi qayd qilingan.
Saytga ko‘ra, ushbu loyiha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan.