Ijtimoiy tarmoqlarda artrozni davolash uchun “Afiya complex” reklamasi tarqalmoqda. Reklamada 58 yoshli Nargiz ismli ayol ushbu vosita yordamida go‘yoki jarrohlik amaliyotisiz uchinchi darajali artrozdan xalos bo‘lgani aytiladi.

Foto: salomatliksari.uz
HUKM: YOLG‘ON
“Mening nabiram o‘tlardan qilingan “Afiya complex”ni olib keldi, u juda kuchli natija berdi. Besh kun ichida men asta-sekin og‘riqdan xalos bo‘ldim. Osongina o‘tirishni va turishni boshladim”, — deydi reklama xabarida Nargiz ismli ayol.
Biroq, bu ayolning surati Freepik stok fotosuratlar manbaidan olinganini ko‘rish mumkin. Odatda bunday manbalardagi suratlar turli reklama va xabarlarda erkin foydalaniladi va aslida mavjud bo‘lmagan insonlar tasviri bo‘lishi mumkin.

Aynan shu ayol surati boshqa stok fotosuratida Covid-19 testining salbiy natijasini ushlab turgani tasvirlangan.

Surat: Freepik.com
Uchinchi darajali tizza bo‘g‘imlarining artrozi tashxisi qo‘yilganidan so‘ng tezkorlik bilan davolashni amalga oshirilishi kerak. O‘tkazib yuborilgan gonartroz tizzadagi og‘riq dam olish holatida ham o‘ta kuchli bo‘ladi.
Kasallikning uchinchi bosqichida suyak ortiqlari paydo bo‘lishi mumkin, bu harakat paytida va hatto dam olishda chidab bo‘lmas og‘riqlarga olib keladi.
Davolash odatda uch haftadan olti haftagacha davom etadi. Mutaxassis bemorning sog‘lig‘iga qarab tanlangan protseduralarning individual sxemasini belgilaydi.
Turli xil manipulyatsiyalar natijasida bo‘g‘imdagi og‘riq va yallig‘lanishni bartaraf etish, qon aylanishini va metabolizmni normallashtirish, shuningdek, kemirchik to‘qimalarni tiklashni faollashtirish mumkin.
Shifokor yallig‘lanishni, shishni bartaraf etish, og‘riqni kamaytirish, metabolik jarayonlarni va to‘qimalarning yangilanishini faollashtirish uchun dori-darmonlar buyuradi. Da‘volash individual ravishda tanlanadi.
Jarrohlik amaliyoti ikkinchi va uchinchi darajali artrozda tavsiya etiladi.
“Afiya complex” sizni uchinchi darajali artrozdan xalos qilmaydi va uni besh kun ichida davolamaydi. Artrozni davolash, uning birinchi darajasidan boshlab, vaqt talab etadi. O‘z vaqtida malakali shifokor bilan bog‘laning va uyda o‘zbilarmonchilik bilan davolamang.
Faktchekerlar hamjamiyatiga qo‘shiling.