Saqich inson organizmi uchun xavflimi?

Telegram kanallarda saqichning asosiy qismi zaharli moddalardan tashkil topganligi haqida ma’lumotlar tarqalmoqda. “Mentol va turli xil moddalardan tashkil topgan saqich 70% zaharli moddalardan iborat” – deyiladi xabarda. 

Factchecknet.uz mazkur xabar qay darajada haqiqatga yaqinligini tekshirib koʻrdi.

HUKM: YOLG‘ON

Mentol tabiiy ravishda yalpiz tarkibida mavjud va sun’iy ravishda ham sintezlanadi va odatda xavfsiz hisoblanadi. U oziq-ovqat va tibbiyotda keng qo’llaniladi. U yog‘lar, konfetlar, og‘iz bo‘shlig‘ini tozalash vositalari, shirinliklar tayyorlash uchun keng qo‘llaniladi. Bundan tashqari, u umumiy shamollash, gripp va ovqat hazm qilish uchun yordamchi muqobil dori sifatida samarali ishlatiladi.

Tarkibida shakar mavjud bo‘lgan saqichni ko‘p chaynash tishdagi karash (nalyot), emal demineralizatsiyasiga olib kelishi va kariesga sabab bo’lishi mumkin. Stomatologlar shakarsiz saqichdan foydalanishni tavsiya qiladilar. Shuningdek, yutilgan saqich oshqozonda qolmaydi va ichak bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqarmaydi. Saqich tarkibiga qanday moddalar nima maqsadda qo’shiladi?

  • Konservantlar yaroqlilik muddatini uzaytirish uchun  qo’shiladi;
  • Yumshatuvchilar namlikni saqlab qolish uchun ishlatiladi va saqichning qotib qolishiga yo’l qo’ymaydi.
  • Saqichni oqartirish uchun titan dioksidi qo’llaniladi.
  • Nordon ta’mga ega bo’lishi uchun talk ishlatiladi.

Startsmile.ru stomatologiya jurnali rahbari Yuliya Klouda saqich chaynash mumkin bo’lmagan holatlarni sharhlaydi:

  1. Homilador ayollar. Chunki, saqich tarkibida so‘lak orqali tanaga kiradigan balast deb ataladigan moddalarni o’z ichiga oladi. Bu homilada allergiya rivojlanishiga olib kelishi mumkin.
  2. Gastrit va oshqozon yarasi kasallikka chalingan shaxslar. Agar och qoringa saqich chaynasangiz, oshqozon kislota ishlab chiqarishni boshlaydi. Unda esa hazm bo‘lishi kerak bo‘lgan ovqat yo‘q! Natijada kislota oshqozon to‘qimalarini yemirishni boshlaydi.
  3. Periodontoz bilan kasallangan bemorlar. Periodontoz tishlarning chaynash yukining bir xilligini ta’minlovchi tish bog‘lamining buzilishidir. Natijada tish atrofidagi suyak to‘qimalariga chaynash bosimi tushadi. Saqichni qattiq chaynash natijasida suyak to’qimasi atrofiyasi boshlanadi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, (chaynash mumkin bo‘lmagan holatlardan tashqari) tarkibida shakar bo‘lmagan saqich kishi salomatligi uchun xavf tug‘dirmaydi. Saqich tarkibidagi mentol zararsiz hisoblanadi.