Telegram kanallarida tarqalgan “Quyoshga teleskop orqali hech qachon qaramang” nomli video quyoshni teleskop yordamida kuzatishning xavflari haqida tashvish va qiziqish uyg‘otdi. Videoda quyosh nurini teleskop orqali qog‘oz parchasiga yo‘naltirish natijasida qog‘ozning kuyishi ko‘rsatilgan.
HUKM: ROST
Quyoshga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarash, teleskop bilan yoki teleskopsiz, ko‘zning jiddiy va doimiy shikastlanishiga olib kelishi mumkin. Quyosh yorug‘lik va nurlanishning kuchli spektrini, jumladan zararli ultrabinafsha va infraqizil nurlarni tarqatadi. Bu nurlar ko‘zning yorug‘likka sezgir to‘r pardasi, ya’ni ko‘rish uchun mas’ul bo‘lgan qismiga zararli ta’sir ko‘rsatadi. Quyoshga qisqa vaqt qarash ham ko‘zning to‘r pardasiga zarar yetkazishi va quyosh retinopatiyasiga olib kelish ehtimoli bor, bu esa ko‘rish qobiliyatini yo‘qotishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Teleskop quyosh nurini to‘plash orqali bu xavfni yanada kuchaytiradi. Quyosh nuri teleskopga kirganda, linzalar yoki ko‘zgular yorug‘likni kichik, kuchli nurga jamlab yo‘naltiradi. Bu jarayon ko‘zga tushadigan yorug‘lik va issiqlik miqdorini sezilarli darajada oshiradi. Tasavvur qiling: lupa yordamida quyosh nurini bargga yo‘naltirsangiz, to‘plangan yorug‘lik bargni tez orada yondirib yuborishi mumkin. Xuddi shu tarzda, teleskop tomonidan jamlangan quyosh nuri ham ko‘z to‘r pardasini shikastlab, quyosh retinopatiyasiga olib keladi.
Teleskoplar mavjud yorug‘likni kichikroq maydonga to‘playdi. Yorug‘likning bu tarzda to‘planishi ko‘zga zarar yetkazish xavfini kuchaytiradi. Bundan tashqari, filtrsiz teleskopni quyoshga qaratish yong‘in xavfini tug‘dirishi mumkin. Tarixan, quyosh tutilishlari olimlarga quyoshning odatda ko‘rinmaydigan xususiyatlarini, jumladan, uning atmosferasining eng tashqi qatlami bo‘lmish tojni kuzatish uchun dastlabki imkoniyatlarni taqdim etgan. Biroq hatto tutilish paytini kuzatishda ham ko‘zni tegishli tarzda himoya qilish muhim hisoblanadi.
Quyoshni xavfsiz kuzatish

Quyoshni xavfsiz kuzatishning eng keng tarqalgan va samarali usuli quyosh filtrlaridan foydalanishdir. Bu filtrlar quyoshning zararli nurlarini to‘sib, faqat xavfsiz miqdordagi yorug‘likni o‘tkazish uchun mo‘ljallangan. Quyoshni xavfsiz kuzatish va uning turli xususiyatlarini ko‘rish uchun asosan ikki xil turdagi filtrdan foydalaniladi. Oq yorug‘lik filtrlari quyosh nurining aksariyat qismini to‘sib (tushayotgan nurning taxminan 0,001% nigina o‘tkazadi), Quyosh yuzasidagi (fotosferadagi) quyosh dog‘larini ko‘rish imkonini beradi. Vodorod-alfa filtrlari esa, aksincha, ma’lum bir yorug‘lik to‘lqin uzunligini ajratib olib, fotosferadan yuqori qatlam bo‘lgan xromosferadagi bo‘rtiqlar, chaqnashlar va ipsimon tuzilmalarni ko‘rsatadi.
Quyosh tutilishi ko‘zoynagi
Quyosh tutilishini xavfsiz kuzatish uchun ISO 12312-2 xalqaro standartiga mos keladigan maxsus tutilish ko‘zoynagidan foydalanish tavsiya etiladi. Bu ko‘zoynaklar oddiy quyosh ko‘zoynaklaridan minglab marta qoraroq bo‘lib, quyoshning zararli nurlaridan zaruriy himoyani ta’minlaydi.Shuni yodda tutish kerakki, tutilish ko‘zoynagi durbinlar yoki teleskoplar orqali quyoshga qaralganda filtr vazifasini bajarib bera olmaydi. Bu optik qurilmalar quyosh nurining kuchaytirilgan intensivligini boshqarish uchun mo‘ljallangan yuqorida sanalgan yoki boshqa turdagi quyosh filtrlarini talab qiladi.